YUSUPOV MUHAMMADSOLI ABDULLAYEVICH
YUSUPOV MUHAMMADSOLI ABDULLAYEVICH (1955.11.1, Toshloq tumani) — aktyor, rejissyor, pedagog. O’zbekiston xalq artisti (1999). Toshkent teatr va rassomlik san’ati in-tining aktyorlik (1977) hamda rejissyorlik (1997) fakultetlarini tugatgan. 1977-78 yillar mazkur institutda o’qituvchi, 1979 yildan Farg’ona teatrida aktyor, rejissyor (1995 yildan bosh rejissyor). “Kulgi zarbi spektaklidagi Sulaymon qori uning sahnadagi ilk obrazidir. “Richard III” (U. Shekspir) dagi Gloster, “Farhod va Shirin” (S. Abdulla, B.Broviin) dagi Yosuman obrazlari talqin va ijro jihatidan yangicha uslubga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Yusupov Qo’chqor (“Temir xotin”), diktator (“Hokimi mutloq”), Mamat (“Nurxon”), Buxenvald (“Bir o’likka bir tirik”), Asomboy (“Toshkentga sayohat”), To’xtamishxon (“Amir Temur va To’xtamishxon”) kabi rollari bilan Shuhrat qozondi. Qahramon ichki holatini ochib bera olish, milliy qiziqchilik san’ati bilan yo’g’rilgan ijro uslubi ajralib turadi. Yusupov kinoda Xolmat (“Bomba”), Qo’chqor (“Masxaraboz”), O’qituvchi (“O’qituvchi”), videofilmda Solih Mahdum (“Mehrobdan chayon”), telefilmda Afandi (“Afandining besh xotini”) rollarini ham o’ynagan. “Kurort” (O’. Umarbekov), “Oltin sirtmoq” (X.To’xtaboyev), “Amir Muzaffar” (I. Qobulov), “Osmonga sig’magan muhabbat” (Y.Sulaymon), “Sehrlangan Parizod” (V.Rabadan), “Kampir topaymi, dadajon?”(A.Xursandov), “Tikansiz tipratikanlar” (Sh.Boshbekov), “Jonimning malhami” (O.Hakimov), “Amir Temur va To’xtamishxon” (T.Mirzo) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).