YUSUPOVA KLARA YUNUSOVNA

YUSUPOVA KLARA YUNUSOVNA (1930.28.7, Toshkent) — raqqosa, balerina, O’zbekiston xalq artisti (1964). Navoiy teatri qoshidagi studiyada va Moskva xoreografiya bilim yurtida o’qigan (1945-52). 1951-78 yillar Navoiy nomidagi opera va balet teatrining solistkasi. Esmeralda (“Esmeralda”), Feya sireni (“Uyqudagi go’zal”), Kitri (“Don Koxot”) kabi partiyalarni ijro etgan. Yusupova, asosan, o’zbek xalq raqslarining mohir ijrochisi sifatida tanilgan. Uning raqslari sho’x, jo’shqin va jozibadorligi, murakkab, lekin erkin harakatlari, o’ziga xos milliyligi bilan ajralib turadi. “Zang”, “Larzon”, “Rohat”, “Dutor bayoti”, “Munojot”, “Sho’x qiz”, “Buxorocha”, “Lazgi”, “Pomircha” kabi raqslari shular jumlasidan. Bolgariya, Ruminiya, Frantsiya, Hindiston, Italiya, Braziliya kabi mamlakatlarda gastrolda bo’lgan.