YUZ

YUZ, juz — yirik o’zbek qabilalaridan biri. 20-asrning boshlarida Yuzlar O’zbekiston va Tojikiston hududida yashagan (60 ming). Yuzlarning boshqa o’zbek qabilalari bilan aralash holda yashab kelgan guruhlari ham mavjud bo’lib, ular masalan, qirqyuz, mo’g’ulyuz, nay-manyuz, turkmanyuz. va boshqalar etnik nomlar bilan atalgan. Yularning etnogenezi qadimiy qipchoq o’zbeklari bilan bog’liq. Yuzlar, asosan, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida yashaganlar. Yuzlar 3 ta yirik tarmoqqa bo’linadi: Marka bolasi, Qorapchi, Rajab bolasi. 19-asr davomida yuzlarning ko’pchiligi o’troqlashib, dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Cho’l va tog’oldida (Jizzax va O’ratepa oralig’ida) yashovchi yuzlarning bir qismi yarim o’troq holda istiqomat qilishgan. Yuzlarning xo’jaligida dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik ham salmoqli o’rin tutgan. 20-asrning 20-30-yillarida Yuzlar o’zbek xalqi tarkibiga qo’shilib ketganlar. Ad.: Doniyorov X., O’zbek xalqining shajara va shevalari, T., 1968; Karmmsheva B.X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnnx rayonov Tadjikistana i Uzbekistana, M., 1976; Bo’riev O., Etnologiya atamalarining qisqacha izohli lug’ati, qarshi, 2004.