YUZA
YUZA (matematikada) — tekislik yoki sirtdagi geometrik figuralarni ifodalaydigan asosiy miqdorlardan biri. Sodda holda yuza yassi figurani to’ldiruvchi birlik kvadratlar, ya’ni tomoni uzunlik birligiga teng bo’lgan kvadratlar soni bilan o’lchanadi. Yu.ni hisoblash qadimdan amaliy geometriyaning muhim masalalaridan biri bo’lib kelgan (masalan, yer maydonlarini bo’lish). Tekislikda ko’pburchakning yuzasini o’lchash har qanday ko’pburchakni to’g’ri to’rtburchaklarga ajratish mumkinligiga asoslanadi. To’g’ri to’rtburchakning yuzasi tomonlari ko’paytmasiga teng.