ZAFAR

ZAFAR — Toshkent viloyatidagi shaharcha (1918-72 yillarda Olmazor qishlog’i). Bekobod tumani markazi. Toshkentdan 120 kilometr Janubda, yaqin temir yo’l stantsiyasi — Bekobod (22 kilometr). Aholisi 7,7 ming kishi (2000). Zafar qadimgi aholi maskanlaridan biri, uning markazidagi “Nomsiz tepa” qabristonidan 8—9 asrlarga oid arxeologik buyum qoldiqlari topilgan. 1870 yilda qishloq Rossiyadan ko’chirib keltirilgan ruslarning Korzinkin nomli xutoriga aylantirildi va Dalvarzin volostining markazi bo’ldi. Xutor yonida 60 ga olmazori ham bo’lgan (qishloqning avvalgi nomi shundan). 1918 yil Olmazor qishlog’ida sho’rolar otliq armiyasi uchun qorabayir otlar yetishtirib beradigan ot zavodi tashkil qilindi. 1926 yil ot zavodi o’rnida “Dalvarzin” urug’chilik xo’jaligi tuzildi. 1930 yil bu xo’jalik paxtachilik sziga aylantirildi va Olmazor qishlog’i sovxoz qo’rg’oni bo’lib qoldi. Zafarda ma’muriy va madaniymaishiy binolar, sport inshootlari, bozor, 2 kasalxona, 3 umumiy ta’lim maktabi, pedagogika bilim yurti bor. “Yoshlik” savdo markazi qurilgan. Kutubxona, madaniyat uyi, pedagogika bilim yurti qoshida litsey, mehnat ta’limi kollejlari, xususiy savdo do’konlari bor. Tuman hokimiyati binosi oldiga “noma’lum askar” monumenti o’rnatilgan. Zafardan Toshkent — Bekobod avtomagistral yo’li o’tgan. Avtobus-taksi saroyi, ko’chma qurilish kolonnalari, “Sarbon” yuk tashish transporti avtokorxonasi bor.