ZAFAR GAZ KONDENSATI KONI
ZAFAR GAZ KONDENSATI KONI – Qashqadaryo viloyatining G’uzor tumanida, Qarshi shahridan 45 kilometr Janubi sharqda joylashgan. Zafar strukturasi 1974 yilda seysmik razvedka natijasida aniqlangan. 1978 yilda 1 parametrik quduq kavlangan (3805 metr). Natijada yura yotqiziqlarining samaradorligi ma’lum bo’lgan. 1978-87 yillarda konda 8 ta burg’i qudug’i qazilgan. Quduqlarning 3 tasida gaz uyumi borligi aniqlangan. Zafar gaz kondensati konining geologik tuzilishida yura, bo’r, paleogen, neogen va antropogen yotqiziqlari ishtirok etgan. Tektonik jihatdan Zafar strukturasi Beshkent bukilmasida joylashgan va yura yotqizikdari bo’ylab shimoli Sharq tomonga yo’nalgan braxiantiklinaldan iborat. Strukturaning uzunligi 6 kilometr, kengligi 5 kilometr. Zafar konida kavlangan quduqlarda 39 ta ob’yekt sinovdan o’tdi. Ularning 12 tasida gaz va bittasida gaz bilan neft borligi ma’lum bo’ldi. Gazning debiti 67 ming metr kub/sut dan 575 ming metr kub/sut gacha. Gazning havoga nisbatan zichligi 0,643, kondensatniki 0,756 g/sm3, undagi metanning miqdori 90— 92%, oltingugurt vodorodi 0,05%, azot 1,2%, karbonat angidridi 3-5%. Konda razvedka ishlari nihoyasiga etgan. Zafar gaz kondensati koni ayni paytda o’zlashtirishga tayyorlangan.