“ZAFARNOMA”

“ZAFARNOMA” — Amir Temur davlati tarixiga bag’ishlab yozilgan asar. Sohibqiron Amir Temurning hayotligida bevosita uning topshirig’i asosida Nizomiddin Shomiy tomonidan yozishga kirishilgan (1401-02). 1404 yil bahorigacha asar yozib tamomlangan va Ozarbayjonda yetti yillik yurishdan Samarqandga qaytayotgan Amir Temurga taqdim etilgan. Bundan keyingi Sohibqiron vafotigacha kechgan voqealar keyinroq Hofizi Abru tomonidan yozib ilova qilingan. “Zafarnoma”ni yozishda Amir Temurning munshiy va kotiblari ham nazm, ham nasrda forsiy va turkiy tillarda yozgan ma’lumotlar, muallifning 1400— 04 yillar davomida Sohibqiron yurishlarida bo’lib, o’zi ko’rgan-bilganlari, Hindiston yurishi voqealari qismining bayoni uchun G’iyosiddin Alining “Ro’znomai g’azavoti Hindiston” (Hindistonga yurish kundaligi”) asari asosiy manba bo’lib xizmat qilgan. “Zafarnoma” tarixiy asar sifatida 14— 15 asr boshida Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davridagi O’rta Osiyo, Oltin “Zafarnoma”ning o’zbek tilidagi nashri muqovasi (Toshkent, 1996). O’rda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afg’oniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni o’z ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360 yilga qadar O’rta Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqa ma’lumot berilgan. So’ngra Amir Temurning 14 asrning ikkinchi yarmi va 15 asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. “Zafarnoma” o’zida jamlangan tarixiy ma’lumotlarning ishonchliligi bilan 15—16 asrlardanoq bir qancha asarlar uchun bosh manba bo’ldi. “Zafarnoma”ning faqat 2 qo’lyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qo’lyozmaning 1425 yilda ko’chirilgan nusxasi bo’lib, u Istanbuldagi “Nuri Usmoniya” masjidi kutubxonasida saqlanadi (№ 3367). Ikkinchisi, muallif tomonidan Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar Bahodir ibn Mironshohga taqdim etilgan qo’lyozmadan 1434 yil ko’chirilgan nusxa bo’lib, u Londondagi “Britaniya muzeyi” kutubxonasida saqlanadi (№ 23980). Matnshunos Chex olimi Feliks Tauer “Zafarnoma” nusxalarini Amir Temur tarixidan hikoya qiluvchi boshqa bir muhim manba — Hofizi Abruning “Zubdat attavorixi Boysung’uriy” (“Boysung’urga atalgan tarixlar sarasi”) nomli asari bilan solishtirib tadqiq etish asosida uning ilmiy-tanqidiy matnini ikki jildda nashr etdi (Praga, 1937 va 1956 yillar). Unga Hofizi Abru yozgan “Ilova” ham kirgan. Ushbu nashr asosida “Zafarnoma” qisqartirilgan shaklda turk tiliga (Anqara, 1940); so’z boshi, ko’rsatkichlar va ilmiy izoxlar bilan o’zbek tiliga (Toshkent, 1996, tuzuvchi — O. Bo’riyev), o’girilib nashr etildi. Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma [fors tilidan o’giruvchi Yunusxon Hakimjonov, tarjimani qayta ishlab nashrga tayyorlovchi va mas’ul muharrir A. Urinboev, izohlar va lug’atlarni tuzuvchi H. Karomatov], T., 1996. Asomiddin O’rinboyev.

“ZAFARNOMA”, Fathnomayi Temuriy, tarixi Jahongushoyi Temuriy — Amir Temur davlati tarixiga bag’ishlab yozilgan asar. Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan Ibrohim Sulton farmoniga ko’ra, 1419— 25 yillarda Sherozda fors tilida yozilgan. “Zafarnoma” aslida “Fathnoma” yoki “Fathnomayi Temuriy” yoki “Tarixi Jahongushoyi Temuriy” deb nomlangan bo’lsada, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”siga mazmunan yaqinligi tufayli keyinchalik “Zafarnoma” nomi bilan shuhrat topgan. Asar 2 qismga: Temurdan oldingi davr tarixidan umumiy tarzda so’zlovchi “Muqaddima” va Temur davri tarixini yorituvchi asosiy qism “Zafarnoma”ga bo’linadi. Muallifning ta’kidlashicha, Ibrohim Sulton o’z bobosi Amir Temur haqida maxsus kitob yozilishini niyat qilgan va 1419-20 yillarda o’z vaqtida kotiblar, baxshi, munshiylar tomonidan Temur haqida ham turkiy, ham forsiy tillarda yozib qoldirilgan mavjud ma’lumotlarni yig’ib keltirish haqida farmon chiqargan. Bu ish amalga oshgach, mazkur ma’lumot — hujjatlarni o’rganishga kirishilgan. “Zafarnoma”ning so’z boshida qayd etilishicha, Amir Temur haqidagi turkiy va forsiy tillarda bayon qilingan hikoyalarning hamma she’riy va nasriy nusxalari to’plangach, ma’lumotlar bilan tanishish uchun uchta guruh tuzilgan. Turkiy va forsiy tillarning bilimdonlari ikki guruhni, voqealarni o’z ko’zi bilan ko’rgan shohidlar esa bir guruhni tashkil qilgan. Dastlab Temur haqidagi har bir hikoya o’qilgan, agar uning mazmuni voqealarni o’z ko’zi bilan ko’rgan shohidning talqiniga to’g’ri kelmay qolsa, Ibrohim Sulton haqiqatni tiklash uchun turli shaharlarga choparlar yuborib, mazkur voqeani Temurning yana boshqa zamondoshlaridan surishtirgan yoki qo’shimcha ma’lumotlar to’plagan. Shu qo’shimcha hikoyatlarni ham tinglagach, Ibrohim Sulton aytib turgan va kotiblar yozib borgan. Shu tarzda asarning dastlabki xomaki nusxasi tayyorlangan. Sharafiddin Ali Yazdiy ana shu xomaki nusxa asosida “Zafarnoma” asarini yozgan. Ibrohim Sultonning qat’iy buyrug’iga binoan kitobni yozish vaqtida sanalar, joy nomlari, ular orasida masofa o’lchovlari haqidagi barcha ma’lumotlar juda sinchiklab tekshirilgan. Sharafiddin Ali Yazdiydan esa asarni jonli til bilan tushunarli qilib yozish talab etilgan va shuningdek, u hujjatlarga qatiy rioya qilishi, Ibrohim Sultonning bevosita shaxsiy nazorati ostida tuzilgan dastlabki xomaki yozuvdan aslo chetga chiqmasligi hamda hech narsani bo’yab ko’rsatmasligi shart qilib qo’yilgan. Asar tiluslub jihatdan fors tilining o’sha 15 asr adabiy uslubini mukammal bilgan savodxon uchun mo’ljallangan. Asarning muqaddima qismini Sharafiddin Ali Yazdiyning o’zi “Tarixi Jahongir” deb nomlagan, lekin “Muqaddima” deb mashhur bo’lib, “Zafarnoma”ning ajralmas qismi hisoblangan. Shu bilan birga, hajmi katta bo’lganligi tufayli bo’lsa kerak, qo’lyozma nusxalarda alohida mustaqil asar sifatida ham tarqalgan. U so’z boshi, ikki fasl va hotimadan iborat. “Muqaddima”dan ko’zda tutilgan maqsad Temur shajarasini bayon etish va uning o’zidan oldin o’tgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir. “Zafarnoma” asarining asosiy qismi esa, muallifning dastlabki rejasiga ko’ra, uchta maqoladan iborat bo’lmog’i lozim edi. Birinchi maqola Temurga, ikkinchisi uning o’g’li Shoxruxga va uchinchisi Shohruxning o’g’li Ibrohim Sultonga bag’ishlanishi ko’zda tutilgan edi. Biroq “Zafarnoma”ning hozirgi fanda ma’lum bo’lgan qo’lyozma nusxalarida keyingi ikki maqola yo’q, ular yoki yozilmagan, yoki bizgacha yetib kelmagan. 15— 16 asrlarda “Zafarnoma” qahramonlik qissasi janrida ikki marta she’riy yo’l bilan: o’zbek tilida shoir Lutfiy va fors tilida Hotifiy tomonidan kuylangan. 16 asr boshlarida shayboniylardan Ko’chkunchixonning topshirig’iga muvofiq, Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy tomonidan “Zafarnoma” o’zbek tiliga tarjima qilingan. Bu tarjima 1997 yil Toshkentda izoxdar va ko’rsatkichlar ilova qilingan holda chop etilgan. Adabiyotlarda Hofiz Muhammad ibn Ahmad al-Ajamiy tomonidan asarning turk tiliga tarjima qilinganligi haqida ma’lumot bor. Bulardan tashqari “Zafarnoma” 1822-23 yillarda Xivada Xudoyberdi ibn Qo’shmuhammad So’fi alxivaqiy tomonidan o’zbek tiliga qisqartirib tarjima qilinganligi ham ma’lum. 18 asrdan boshlab “Zafarnoma”ning ayrim qismlari frantsuz (Krua, 1713), ingliz (J. Darbi, 1723), ayrim voqealar rus tiliga ham tarjima qilingan. Asarning forscha matni esa 1887-88 yillarda Kalkutta, 1958 yil Tehronda chop etilgan, biroq bu nashrlarda asarning “Muqaddima” qismi hamda zaruriy ko’rsatkichlar berilmagan. 1972 yil Toshkentda asarning har ikki qismini qamragan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 4472-raqamli qo’lyozmaning faksimil nashri amalga oshirildi. Bunda tarixiy manbalar ilmiy nashr uchun zaruriy bo’lgan bosh so’z va turli ko’rsatkichlar bilan birga asar matnining har xil nusxalar va nashrlar orasidagi farqlari ham qayd etildi. Sho’rolar davlatida Amir Temur shaxsiga nisbatan o’ta salbiy xulosa o’rnashganligi sababli matbuotda Temuriylar davri yozma merosini o’rganish ishi qattiq ta’qib qilindi, ba’zi asarlar bilan birga “Zafarnoma” ham qoralandi. O’zbekiston mustaqil davlat bo’lishi sharofati bilan Temuriylar tarixini haqqoniy yoritish uchun keng imkoniyatlar paydo bo’ldi. Ad.: Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma [fotofaksimil nashr], T., 1973; Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, Movarounnahr voqealari, 1360-1370 [tarjimon: o. Bo’riyev], T., 1994; Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, [tarjimon: Muhammad Ali ibn Darvesh Ali al-Buxoriy, 16 asr], T., 1997. Asomiddin O’rinboyev.