ZAKARPATE VILOYATI

ZAKARPATE VILOYATI Ukraina tarkibidagi viloyat. 1946 yil 22 yanvarda (Zakarpate Ukrainasi Ukrainaga qo’shilgandan so’ng) tashkil etilgan. Maydoni 12,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1288,6 ming kishi (1997), asosan ukrainlar, shuningdek, Venger, rus, rumin, slovaklar ham yashaydi. Markazi — Ujgorod shahri. Zakarpate viloyati Sharqiy Karpat tog’larida va O’rta Dunay tekisligida joylashgan. Viloyat hududining 80% tog’ (eng baland joyi Goverla tog’i, 2061 metr). Foydali qazilmalari: toshtuz, qurilish materiallari, qo’ng’ir ko’mir, temir va simob rudalari. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha trasi pasttekislikda -2°, -3°, tog’larda — 5°, -9°; iyulniki pasttekislikda 19°-20°, tog’larda 6°. Yiliga pasttekislikda 600 — 700 millimetr, tog’larda 1000-1400 millimetr yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 90-230 kun. Asosiy daryosi Tisa. Mineral buloqlar bor. Tuproqlari pasttekisliklarda chimli va allyuvial, tog’ etaklarida qo’ng’irpodzol, toglarda qo’ng’ir tog’-o’rmon, chimli qo’ng’ir va chimli tog’ o’tloqi hamda torfsimon tuproqlar. Viloyat hududining 50%i o’rmon, asosan, qoraqayin, qoraqarag’ay, eman, oq qarag’ay, grab usadi. O’rmonlarda o’rmon mushugi, silovsin, bo’ri, tulki, qo’ng’ir ayiq, yovvoyi to’ng’iz, Yevropa eligi, asl bug’u, suvsar, tiyin, malla quyon yashaydi. Zakarpate viloyati Ukrainaning kurort va turistik rayonlaridan biri. Oziq-ovqat sanoatida vinochilik, meva-konserva, go’sht, moysir va sut, un, moy-yog’ va boshqa tarmoqlar mavjud. Mineral suv qadoqlanadi. O’rmon kimyosi, yog’ochsozlik, mebelsozlik, karton ishlab chiqarish korxonalari bor. Yengil sanoat tarmoqlaridan ko’nchilik, poyabzal, tikuvchilik, trikotaj korxonalari mavjud. Mashinasozlik, metallsozlik, asosan, stanoksozlik, priborsozlik rivojlangan. Plastmassa sanitariyatexnika buyumlari, guldor sopol buyumlar, g’isht-cherepitsa ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jalik sut-go’sht chorvachiligiga ixtisoslashgan, qo’ychilik, bog’dorchilik, tokchilik, g’allakorlik bilan shug’ullaniladi. Pichanzor, yaylovlar bor. G’alla ekinlari, texnika ekinlari (asosan, tamaki, kungaboqar) kartoshka, sabzavot, emxashak ekinlari ekiladi. Qoramol, cho’chqa, qo’y va echki boqiladi. Asosiy temir yo’l liniyalari: chop — Ujgorod — Ujok — Lvov, Chop — Solotvina. Asosiy avtomobil yo’llari: Ujgorod — Mukachevo — Xust — Tyachev — Raxov — IvanoFrankovsk va boshqalar. Ujgorod universiteti, jamoat kutubxonalar, Zakarpate viloyati muzey, musiqali drama teatri, filarmoniya, 800 ga yaqin klub, Polyana va Sinyak balneologik kurortlar, Ujgorodda aeroport bor.