ZAMBURUG’LI KASALLIKLAR

ZAMBURUG’LI KASALLIKLAR, mikoftozlar (o’simliklarda) — parazit va yarim parazit zamburug’lar qo’zg’atadigan infektsion kasalliklar. Zamburug’lar ta’sirida o’simliklarda butun organizm yoki uning ma’lum kismi tuzilishi va fiziologik funktsiyasining buzilishiga sabab bo’luvchi kasallik (patologiya) jarayoni vujudga keladi. Boshqa o’simlik kasalliklariga nisbatan ko’p tarqalgan va zararli; ular o’simlik hosilini va mahsulot sifatini pasaytiradi, mevali va rezavor o’simliklarning hosil berish muddatini qisqartiradi. Eng ko’p tarqalgan Zamburug’li kasalliklar.: so’lish, chirish (ildiz, to’pgul, meva, ildizmevalar, tuganaklar va boshqalarda), bo’rtma, o’simta, shish, yara, bargda dog’lar paydo bo’lishi bilan kechadigan kasalliklar, o’simlikning pakanaligi, majruxligi va boshqalar. Bir turdagi o’simlik bir necha o’nlab xil Zamburug’li kasalliklar bilan zararlanishi mumkin. Zamburug’li kasalliklar eng ko’p zarar keltiradigan va ko’p tarqalgan kasalliklardan hisoblanadi. Maslan, g’o’zaning vilt kasalligi, bug’doyning qorakuya va zang, ildiz chirishi kasalliklari, kartoshkaning fitoftoroz kasalligi va boshqalarlarda hosil juda kamayib ketadi. Zamburug’li kasalliklar bilan zararlangan o’simlikning urug’i, tuganagi, piyozlari, qalamchalari, ko’chatlari va infektsiya manbai bo’lishi mumkin. Infektsiya hosil yig’imidan keyin tuproqda qolgan o’simlik qoldiqlarida saqlanishi va o’simlik ildizi, ildiz bo’g’izi va boshqa tuproq osti organlariga tushib kasallik quzg’ashi mumkin. Ba’zi patogen zamburug’ sporalari shamol, yomg’ir, hasharotlar, sut emizuvchilar, shuningdek, ifloslangan idishlar, q.x. mashinalari va asboblari orqali ham o’tadi. O’simlik to’qimalariga patogen zamburug’lar og’zicha, yasmiqchalar, hujayra epidermisi va kutikulasi (kartoshka raki), do’ldan hosil bo’lgan yaralar (makkajo’xorining qorakuya kasalligi), oftob urgan, yorilgan joy orqali kirishi mumkin. Kasallik rivojlanishi tashqi sharoitga ham bog’liq. Masalan, tuproqda fosfor va kaliy yetishmasligidan donli ekinlarning zang kasalligi, kartoshkaning fitoftoroz bilan zararlanishi ortadi. Zararlanish xarakteriga qarab mahalliy va umumiy ta’sirli bo’ladi. Mahalliy zararlanishga dog’lar, zamburug’ g’uborlari, yaralar, shishlar paydo bo’lishi misol bo’ladi. Dog’lar bargning alohida qism (to’qima) larini nekrozga olib keladi, kuchli rivojlanganda barglar to’kilishi mumkin. Zamburug’ g’uborlarini o’simliklar unshudring (kul) va soxta unshudring (rag’a) bilan kasallanganida kuzatish mumkin. O’simlikning mahalliy zararlanishi, ko’pincha, turli organlarda chetlari rangli hoshiya bilan o’ralgan yara ko’rinishida bo’ladi (masalan, g’uza gommozining poya formasida). Zang zamburug’i bilan zararlangan g’alladoshlar, dondukkaklilar va boshqa ekinlar barg hamda boshqa organlarida zamburug’ sporalari to’plangan yostiqcha ko’rinishidagi zang tusli shishlar (masalan, javdarning qung’ir zang kasalida) paydo bo’ladi. Kuzga borib shishlar qorayadi. O’simlikning suv va oziq moddalarga boy organlari, ko’pincha chirish bilan kasallanadi (masalan, g’o’za chanoqlaridagi pushtirang chirish, kulrang chirish). O’simlikning zamburug’ bilan umumiy kasallanganligi belgisi — so’lishdir. Bu turli organlardagi taranglik (turgor) ning yo’qolishi bilan xarakterlanadi. G’o’za, zig’ir, kartoshka va boshqa o’simliklar so’lishi ko’p zamburug’li kasalliklar: 1—bug’doy qattiq qorakuyasi; 2—bug’doy chang qorakuyasi; 3 makkajo’xori pufaksimon qorakuyasi; 4—kartoshka fitoftorozi; 5—olma kalmarazi; 6—qulupnay kulrang chirishi. Kasallikning rivojlanish tezligini ekologik omillar belgilaydi: ma’lum sharoitlar zamburug’ning spora hosil qilishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, sporalarning o’sishi va o’simlikning kasallanishiga to’sqinlik qiladi. Zamburug’li kasalliklarga qarshi agrotexnik, kimyoviy va fizikmexanik chora-tadbirlar majmui qo’llaniladi. Kasallikka chidamli navlar ekiladi, mikrobiopreparatlardan foydalaniladi, ekinlar urug’ligi kimyoviy preparat (dori)lar bilan dorilanadi, o’simliklarga pestisidlar, fungisidlar purkaladi yoki changitiladi. Zamburug’li kasalliklarga qarshi kurashda chidamli navlarni yaratib, ularni ishlab chiqarishga joriy qilish katta ahamiyatga ega. Ad.: Serb i Nov V. I. Qishloqxo’jalik ekinlarining kasalliklari, T., 1964; Karimov M. A., G’o’za kasalliklari, T., 1979. Sultan Alimuhamedov.