ZARAR (HUQUQDA)

ZARAR (HUQUQDA) — bir shaxsga ikkinchi bir shaxsning huquqbuzarligi tufayli yetkazilgan pul shaklidagi ziyon. Zarar deganda, birinchidan, kreditorning sarfxarajati, ikkinchidan, uning mol-mulkining yo’qolishi yoki unga shikast yetkazilishi va uchinchidan, qarzdor majburiyatnch lozim darajada bajarganida olishi mumkin bo’lgan daromad (olinmagan foyda) tushuniladi. Zarar moddiy va ma’naviy ko’rinishda bo’ladi, moddiy Zarar — shaxsning mol-mulkiga, ma’naviy Zarar esa — shaxsga, uning hayoti va sog’lig’iga, ishchanlik obro’siga putur yetkazishdan iborat. Qonunchilikda Zararni to’la hajmda qoplash tamoyili amal qiladi. Odatda, qarzdorning aybi bo’lgan hollardagina Zarar undiriladi. Konun ayrim turdagi majburiyatlar bo’yicha qarzdorning javobgarligini cheklashi mumkin. Masalan, saqlash uchun topshirilgan mulk yo’qolganda, kamomad yoki shikaet yetkazilganda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, saqlovchi mulk egasiga olinmagan foydani to’lashi shart emas. Yuk yo’qolganda yoki kamomad bo’lganda, transport tashkiloti faqat uning haqiqiy narxini to’lashga majbur, agar yukka shikast yetkazilgan yoki buzilgan bo’lsa — faqat uning kamaygan qiymati to’lanadi. Ma’naviy Zarar to’lanishi lozim bo’lgan mulkiy Zarardan qati nazar, pul bilan qoplanadi, uni qoplash miqdori sud tomonidan aniklanadi. Zarar va uni qoplashning huquqiy jihatlari O’zbekiston Respublikasining FK va JK ning tegishli moddalarida belgilangan.