ZARBDOR TUMANI
ZARBDOR TUMANI – Jizzax viloyatidagi tuman. 1979 yil 4 dekabrda tashkil etilgan. Shimoli sharqda Sirdaryo viloyati, g’arbda Jizzax tumani, sharqda Yangiobod tumani, Janubda Zomin tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,51 ming kilometr kvadrat. Aholisi 45,7 ming kishi (2000). Zarbdor tumanida 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Adirobod, Andijon, lalmikor, Sharq yulduzi, Yangikent) va 2 shaharcha (Bo’ston, Zarbdor) bor. Markazi — Zarbdor shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Mirzacho’lning Janubda joylashgan. Relyefi asosan tekislikdan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4°, -6°, iyulniki 28-30°. Yiliga 300 — 350 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 205-210 kun. Tuprog’i bo’z, qo’ng’ir tuproq. Yer osti suvlari yuza, sho’r. Tuman hududida kanallari bor. Oqova sho’r suvlarni qochirish uchun ariq va zovurlar qazilgan. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, sho’ra, shuvoq, qo’ng’irbosh, qiyoq, qamish, yulg’un, oqbosh, ituzum, tol, jiyda o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyabo’ri, kalamush, toshbaqa, ilon, kaltakesak, yovvoyi parrandalardan o’rdak, tustovuq, qirg’ovul, kalxat, chug’urchiq, qarg’a, so’fito’rg’ay, mayna yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek, tojik, qozoq, rus, ukrain, qirg’iz, turkman, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga 89 kishi to’g’ri keladi. Qishloq aholisi 27,8 ming kishi, shaharliklar 17,9 ming kishi. Xo’jaligi. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, g’allachilik asosiy o’rinni egallaydi. 13 ta shirkat xo’jaligi mavjud. Jami qishloq xo’jalik yerlari 34,5 ming gektar, shu jumladan sug’oriladigan yerlar 32,8 ming gektar, lalmi yerlar 430 gektar. Tumandagi barcha toifadagi xo’jaliklarda 12 mingdan ziyod qoramol, 14 mingdan ortiq qo’y echki, 370 tacha ot bor. 325 dehqon xo’jaligi bo’lib, 13,7 ming gektar yer ajratilgan. Tumanda Zarbdor un kombinati, 20 kichik, 20 xususiy korxona, 4 savdo tashkiloti, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Tumanda 12 umumiy ta’lim maktabi (12,4 ming o’quvchi), “Oqbuloq” folklor etnografik guruhi, 230 o’rinli kasalxona, 8 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, qishloq vrachlik punkti, 8 feldsherakusherlik punkti, 2 poliklinika, 8 dorixona bor. Zarbdor—Guliston, Zarbdor—Toshkent, Zarbdor—Samarqand va boshqa yo’nalishlar bo’yicha shaharlararo avtobus va taksi qatnovi yo’lga qo’yilgan. “Zarbdor” tuman gazeta 1000 nusxada nashr etiladi.