ZARDOB KASALLIGI

ZARDOB KASALLIGI — davolash yoki maxsus —seroprofilaktika maqsadida odam organizmiga begona oqsil (hayvonlarning immun zardoblari) yuborilganda ro’y beradigan allergik reaktsiya. Ilgari tegishli zardob (mas, qoqshol yoki difteriyaga qarshi zardob) qabul qilmagan kishilarda ushbu zardoblardan biri yuborilgandan keyin, odatda, 8-12 kun o’tgach, ba’zan esa bir necha daqiqadan so’ng Zardob kasalligining belgilari paydo bo’ladi. Avval Ukol qilingan joy va uning atrofiga, keyin butun badanga eshak yemga o’xshash toshma toshadi, qichishadi, bemor isitmalaydi, Ukol o’rni atrofidagi, so’ngra boshqa limfa tugunlari kattalashadi, bo’g’imlar, bosh va yurak sohasida og’riq paydo bo’ladi, ba’zan bosh miya shikastlanishiga xos o’zgarishlar (kollaps, hushsizlik, tirishish va boshqalar), buyrak va boshqa a’zolar funktsiyalarining buzilish holatlari kuzatiladi. Kasallik bir lahzada o’tib ketishi yoki botbot qo’zib turishi mumkin. Bemorda paydo bo’lgan o’zgarishlarga qarab kaltsiy preparatlari, og’ir hollarda esa kortikosteroidlar va boshqalar buyuriladi. Bemor o’z vaqtida shifokorga ko’rinib, kerakli dori-darmonlarni qabul qilsa, tuzalib ketadi.