ZARDUSHT
ZARDUSHT, Zaratushtra (Avesto tili bo’yicha), Zoroastr (Yunoncha) (miloddan avvalgi taxminan 618, Xorazm — miloddan avvalgi 554, Balx)— zardushtiylik asoschisi; Movarounnahr, Xuroson va Eron xalqlarining birinchi voizi, shoir, din peshvosi; payg’ambar. Zardusht Spitama urug’ining raisi Purushasp xonadonida tug’ilgan. Onasining nomi Dug’dova. Zardusht 15 yoshgacha zamonasining donishmandi Barzin kuras qo’lida diniy qonunlar, tabiatshunoslik, voizlik, kalomi badi’ fanlari bo’yicha ta’lim oladi, harbiy hunarlarni egallaydi. 16 yoshida Turon — Eron jangida ishtirok etadi. O’z qavm va qabilalari peshqadam vakillarining ko’pxudolik udumlariga qarshi harakatiga qo’shildi va 19 yoshida yakka Tangrini kashf etish umidida Sablon tog’iga chiqib ketadi. 20 yil g’orda yashaydi. Rivoyatlarga ko’ra, Zardusht Navro’z kunlarining birida kohinlar boshchiligida muqaddas ichimlik — “Hum” tayyorlashga kirishgan. Erta tongda u daryodan suv olish uchun qirg’oqqa tushgan. Suv olib bo’lgach, ko’ziga qirg’oqda turgan porloq xilqat — “Vohumana” ko’rinadi va uning sehrli nuriga ergashadi. Nihoyat, u ezgu va ulug’ Xudo Ahuramazda huzuriga boradi. Ahuramazda o’zining butun borliqni yaratgan Xudo ekani haqidagi xabarni bildirish uchun odamlar orasidan Zardushtni tanlaganini aytadi (bu vaqtda u 40 yoshga to’lgan edi). Shu kundan boshlab Zardusht zardushtiylik dinining payg’ambariga aylanadi. “Gatlar” deb atalgan, qo’shiq qilib aytishga mo’ljallangan she’rlar yaratadi. So’ngra shaharu qishloq kezib, yakka Tangri g’oyasini targ’ib etadi, tarafdorlar orttiradi. Bundan xavfsiragan Turon shohi Arjasp Zardushtni dorga osish haqida farmon chiqaradi. Zardusht 300 maslakdoshi bilan Balxga, so’ng Seyistonga qochib ketadi. Shimoliy Eronda zardushtiylik diniga asos soladi. Zardusht Eron shohi Gushtasp qabulida bo’lib, uni va donishmand vaziri Jomaspni yakka Tangri Ahuramazda haqidagi ta’limotiga ishontiradi. Shundan so’ng, Gushtasp farmoniga ko’ra, Eron xududida zardushtiylik dini joriy etiladi. Buni eshitgan Arjasp Gushtaspga Zardushtni hibsga olib huzuriga jo’natish haqida talabnoma yuboradi. Gushtasp bu talabni rad etadi. Arjasp 300 ming lashkar bilan Eronga hujum qilib, Balx, Seyiston, Bexruz shaharlarini vayron qiladi. Gushtaspning 4 o’g’lini jangda o’ldiradi, keksayib qolgan otasi Luxraspni qatl etib, Gushtaspning o’g’li Isfandiyorni zindonband qilib, ko’p o’lja bilan qaytadi. Arjaspning ikkinchi hujumi paytida zindondan qochgan Isfandiyor mudofaa janglarini yaxshi uyushtirib, g’animlarni tormor etadi. Natijada turonliklar ham zardushtiylik dinini qabul qiladilar. Gushtasp farmoniga ko’ra, shahar va qishloqlarda yangi ibodatxona — otashkadalar qurila boshlanadi. Zardusht Balxda qurilgan shunday otashkadaning ochilishida ishtirok etadi va ibodat paytida ko’pxudolik tarafdori Bratarvaxsh tomonidan chavokdab o’ldiriladi. Zardushtning Istavatr, Uruvatr, Puruchitra ismli o’g’illari, Frini, Trini, Puruchisto ismli qizlari bo’lgan. Zardusht o’z ta’limotini — Avestoda bayon etadi. Tilshunoslik ma’lumotlari va kitob mazmuni Avestoning faqat ayrim qismi taxminan bir vaqtda yozilganligini ko’rsatadi. Ad.: Mokavelskiy A. O., Avesta, Baku, 1960; Meri Boys, Zoroastriysi, M., 1988; Homidov H., “Shohnoma”ning shuhrati, T., 1991. Hamidjon Homidiy.