ZARDUSHTIYLIK

ZARDUSHTIYLIK, zoroastrizm — miloddan avvalgi 7—6 asrlarda vujudga kelgan din. Asoschisi — Zardusht. So’nggi tadqiqot xulosalariga qaraganda, O’rta Osiyo, xususan, Xorazm Zardushtiylik vatani bo’lgan. O’rta Osiyo, Eron, Afg’oniston, Ozarbayjon hamda Yaqin va O’rta Sharqning bir necha mamlakatlarida tarqalgan. Qadimgi paxlaviy tilida “Zardusht” so’zi “Magupta” deb atalgan. Paxlaviy tilidagi yodgorliklarni Arab tiliga tarjima qilgan olimlar uni “majus” shaklida qo’llagan. Natijada o’rta asrlardan beri “Zardusht” “Majus”, “Zardushtiylik” esa “Majusiylik” sifatida qo’llanib kelingan. Zardushtiylikda “Otash” va “Quyosh” Tangri Ahuramazdanmng o’g’li deb hisoblangan. “Nur”, “Otash” Zardushtiylikning ramzi, timsolidir. Zardushtiylikda Ahuramazda oliy Xudo hisoblanganligi uchun Zardushtiylik — mazdaizm yoki mazdaiylik deb ham atalgan. Zardushtiylik ta’limoti uning muqaddas kitobi — Avestoda bayon etilgan. Zardushtiylik ta’limoti dunyodagi hamma tartiblar yaxshilik va yomonlik, yorug’lik va qorong’ulik, hayot va o’lim o’rtasidagi kurashga bog’liq, deb tushuntiradi. Olamdagi hamma yaxshiliklarni Ahuramazda, yomonliklarni Anxramaynu ifodalaydi. Anxramaynu Ahuramazdaga qarshi kurashadi, lekin uni yengishga ojizlik qiladi. Bu kurash abadiy davom etadi. Yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi kurash olamdagi jarayonlar mazmunini tashkil etadi. Odam bu kurashda tanlash erkinligiga ega bo’lgan, o’z faolligi bilan dunyoda adolat tantanasiga ta’sir eta oladigan shaxsdir. Avestoda ko’chmanchilik va dehqonchilik hayot tarzi o’rtasidagi qaramaqarshilik bayon etiladi, ko’chmanchilikka hamma yovuzliklarni keltirib chiqaradigan hayot tarzi deb qaraladi va u qoralanadi, dehqonchilik esa yaxshilik belgisi sifatida rag’batlantiriladi. Zardushtiylik dinida olov gunohlardan tozalovchi sehrli kuch deb qaraladi. Zardushtiylikning axloqiy ta’limoti “ezgu fikr”, “ezgu so’z” va “ezgu amal” dan iborat muqaddas uchlik (axloqiy triada) da o’z ifodasini topgan. Zardushtiylik talabiga ko’ra, har bir inson Tangrining yakkayu yagonaligini e’tirof etishi, xoh erkak, xoh ayol bo’lsin ilm o’rganishi, turli kasblarni egallashi, chorvachilik, dehqonchilik, bog’dorchilik bilan shug’ullanishi, kanal qazishi, yer ochishi lozim. Eng asosiysi — Zardushtiylikda e’tiqod erkinligi mavjud bo’lgan. Zardushtiylik insonlarni tenglikka, hamjihatlikka, birbiriga yaxshilik qilishga, yer yuzida tinch-totuv hayotni ta’minlash uchun kurashga chorlagan, unda ma’rifat zulmatga, adolat zulmga qaramaqarshi qo’yilgan. Zardushtiylikda har bir inson butun kuchini o’zini kamolatga yetkazish yo’liga sarf etmog’i lozim. Zardushtiylik murdani tuproqqa ko’mish yoki kuydirishni taqiqlaydi. Bu din jonning o’lmasligini, uning abadiyligini tan oladi, jannat va do’zaxni ham e’tirof etadi. Otashkada zardushtiylarning ibodatxonasi hisoblanadi. Zardushtiylik ruhoniylari alohida tabaqa sifatida ajratilib, ularga maxsus imtiyozlar berilgan. Zardushtiylik arshakiylar va sosoniylar podshoxligi davrida hukmron dinga aylangan. Zardushtiylik 13 asr davomida Ajam mamlakatlarida asosiy din bo’lib kelgan. Arablar 7 asr o’rtalari — 8-asr boshlarida Eron va O’rta Osiyoni bosib olgandan keyin Islom dini hukmron dinga aylangach, zardushtiylar quvg’in qilindilar. Zardushtiylar Hindiston va Eronda hozir ham mavjud. Eronning Yazd va Gilon viloyatlarida ularning soni 100 mingdan, Hindistonning Maharashtra, Gujarot Shtatlarida 115 mingdan ziyodni tashkil qiladi. Ad.: Makovelskiy A. O., Avesta, Baku, 1960; Meri Boys, Zoroastriysi, M., 1988; Avesto (askar mahkam tarjimasi). T., 2001; Avesto (Mirsodiq Ishoqov tarjimasi), T., 2001; Homidov H., Avesto fayzlari, T., 2001; Boboev H., Hasanov S, Avesto — ma’naviyatimiz sarchashmasi, T., 2001. Hamidjon Homidiy.