ZARGARLIK SANOATI

ZARGARLIK SANOATI – yuksak badiiy ishlov berish yo’li bilan nodir metallar va qimmatbaho toshlardan, shuningdek, boshqa metallardan buyumlar, taqinchoqlar ishlab chiqaradigan sanoat tarmog’i. Zargarlik sanoatida xom ashyo sifatida qimmatbaho va rangli metallar (platina, oltin, kumush va boshqalar), ularning qotishmalari, qimmatbaqo va yarim qimmatbaho toshlar (Feruza, fionit, olmos, aqiq, Zumrad, yoqut), tabiiy toshlar, plastmassa, suyak, emal, shisha va b. ishlatiladi. O’zbekistonda Zargarlik sanoati korxonalari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qo’mitasi huzuridagi “Fonon” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tarkibida. Ularning yiriklari: “1 Toshkent zargarlik korxonasi”, “2 sonli zargarlik zavodi”, “Nur” davlat badiiy zargarlik markazi, “3 sonli zargarlik zavodi”, “Kumush” O’zbekiston AQSh qo’shma korxonasi, “Eyshnreyz” O’zbekiston-AQSh qo’shma korxonasi (Toshkent shahri), Shahrisabz zargarlik korxonasi (Shahrisabz shahri), Burchmulla zargarlik zavodi (Burchmulla qishlog’i). 1992 yilda ishga tushgan Zarafshon shahridagi Navoiy zargarlik zavodi (avvalgi “Zarispark” O’zbekiston-AQSh qo’shma korxonasi) respublikadagi yetakchi zargarlik korxonasi hisoblanadi. Bu korxonalar 585 va 750 asillik darajali (probali) tilla qotishmasi, 925 asillik darajali kumush qotishmasidan turli xildagi zargarlik buyumlari (sirg’a, uzuk, zargarlik zanjirlari, sovg’abop mahsulotlar, kumushdan yasalgan oshxona anjomlari, yuqori badiiy sifatga ega bo’lgan zargarlik buyumlari, yakka buyurtmalar, yangi zargarlik buyumlarining modellari) ni ishlab chiqaradi. Shahrisabz va Burchmulla zargarlik korxonalarida zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan birga qimmatbaho va qimmatbaho bo’lmagan toshlarga qirrali ishlov beriladi. “Fonon” IIB ilmiytexnika laboratoriyalarida zargarlik sohasida ishlatiladigan turli rangdagi sun’iy kristallar o’stiriladi. Zargarlik sanoati korxonalari bilan bir qatorda Respublikada buyurtmachining ashyosidan zargarlik buyumlari tayyorlash va ularni ta’mirlash bilan shug’ullanuvchi zargarlik ustaxonalari va yakka tartibda ishlovchi zargarlar ham faoliyat ko’rsatmoqda. Respublikada ishlab chiqariladigan va chetdan keltiriladigan Zargarlik sanoati mahsulotlari sifati va asillik darajasini O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 8 Fevraldagi farmoni bilan tashkil qilingan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi nazorat qiladi. 2001 yil 7 dekabrda “Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamg’alanishi to’g’risida” O’zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. 1999 yilning 4 iyunida O’zbekiston Respublikasining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Asillik darajasi palatalarining Yevropa uyushmasiga to’la huquqli a’zo bo’ldi. Davlat asillik darajasini belgilash palatasi qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning sofligini tekshirish va tamg’alash xalqaro konventsiyasiga kirish masalalari bilan 1996 y.dan shug’ullanib keladi va kuzatuvchi mamlakat maqomida uning barcha kengashlarida qatnashadi. O’zbekiston Zargarlik sanoatida xom ashyo sifatida ishlatiladigan rangli metallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar respublikaning o’zidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqariladi va konlardan qazib olinadi. Xorijda Zargarlik sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga AQSh, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar kiradi. Dilshod Mirtolipov.