“ZARIADR VA ODATIDA”

“ZARIADR VA ODATIDA” – Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan epik asar. “Zariadr va Odatida”da tasvirlanishicha, Midiya shohi Gushtasp (Vishtasp)ning ukasi Zariadr, skiflar shohi Omargning qizi Odatida bir-birini tushida ko’rib, sevib qoladilar. Zariadr sovchi yuboradi, ammo Omarg yolg’iz qizini begona yurtga uzatishni istamay, uning taklifini rad etadi. Bir kuni Omarg ziyofat uyushtiradi, qiziga shu yerga tashrif buyurganlardan munosibini kuyovlikka tanlashni va buning ramzi sifatida kuyovga may to’la tilla qadah tutishni taklif etadi. Qiz yig’ilganlar orasidan Zariadrni qidiradi, chunki unga xabar berib ulgurgan edi. Ziyofatga skif kiyimida Zariadr yetib kelib, o’zini qizga tanitadi. Odatida qo’lidagi qadahni unga tutadi. Zariadr qizni otasi Omarg ham bilmaydigan joyga olib ketadi. Asarda sevgi va erk masalasi bosh mavzu bo’lib, oila qurishda yigit va qiz muhabbati inobatga olinishi lozimligi ta’kidlangan. Odatidaning o’z sevgisiga sadoqati, qat’iy irodasi va Zariadrning vafodorligi, mardligi o’rtadagi tusiklarni yengishga, maqsadlariga erishuviga olib kelgan. Qissa rassomlar diqqatini ham jalb etgan. Qadimda ibodatxona, saroy va ayrim xonadonlarning devoriy rasmlari shu mavzuda bo’lgan. Qissaning mazmuni antik davr muallifi Ateney (milodiy 2—3 asr) ning “Sofistlar tushligi” kitobida keltirilgan Xares Mitilenskiy (miloddan avvalgi 4 asr) ning hikoyasi orqali bizgacha yetib kelgan. “Zariadr va Odatida” syujeti va mazmuni turkiylarning keyingi asrlarda yaratilgan “O’g’uznoma”, “Alpomish” va boshqa xalq og’zaki poetik ijodi namunalarida, shuningdek, Firdavsiyning “Shohnoma” asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Ad.: Mallaev N., O’zbek adabiyoti tarixi, 1 kitob, 2 nashr. T., 1965.