ZAYDIYLAR

ZAYDIYLAR — shialikda vujudga kelgan firqa tarafdorlari, 8-asr o’rtalarida paydo bo’lgan. Arab xalifaligida ziddiyatlar keskinlashib, zodagonlar o’rtasidagi kurash kuchaygan, umaviylar hokimiyati inqirozga uchragan davrda vujudga kelgan. Firqa shialarning 5-imomi Muhammad al-Bokirning ukasi Zayd ibn Ali nomi bilan atalgan. Muhammad al-Bokirning sustligidan norozi bo’lgan shialarning ichidan Zayd o’z tarafdorlarini to’plab, umaviylar hokimiyatiga qarshi 739 yilda isyon ko’tardi. Zayd 740 yil xalifa Xishom (724-743) qo’shinlari bilan bo’lgan jangda halok bo’ldi. Uning tarafdorlari keyin ham oliy hokimiyatni Ali avlodiga berishni talab qilib, xalifalar hokimiyatiga qarshi ko’p marta isyon ko’tardilar. 864 yilda Zaydiylar qo’zg’oloni shimoliy Eronda g’alaba qilib, mustaqil davlat vujudga keldi. Tabariston, Daylom, Gilon viloyatlarini o’z ichiga olgan bu mustaqil davlatdagi Zaydiylar imomlari 300 yilcha hukmronlik qilganlar. 901 yilda Zaydiylar Yamanda ham hokimiyatni qo’lga kiritib, mustaqil davlat tuzdilar. Yamanda Zaydiylar hukmronligi 1972 yil 26 sentabr inqilobigacha, ya’ni Yaman respublika deb e’lon qilinguncha davom etdi. Zaydiylar Zaydni so’nggi 5-Imom hisoblab, undan keyingi shia imomlarini tan olmaydilar. Ular o’z aqidalari va marosimlari jihatidan shialar va sunniylar o’rtasida turib, har ikkala oqimga nisbatan murosasozlik yo’lini tutadilar. Zaydiylar yashiringan Imom Mahdiyga ishonmasliklari, Alidan ilgarigi uch xalifa (Abu Bakr, Umar, Usmon) ni la’natlamasliklari, taqiyya printsipini va mut’a (yoki siyg’a) nikohini inkor etishlari bilan shialardan, avliyolar va mozorlarga sig’inishni hamda darvishlik va zohidlikni inkor etishlari bilan sunniylardan ajralib turadilar. O’z aqidalarida mo’taziliylardan Iroda erkinligi va Qur’onni Alloh yaratganligini, xorijiylarning esa diniy e’tiqodni amaliy faoliyat bilan mustahkamlash qoidasini qabul qilib olganlar. Hozirgi Yaman aholisining yarmidan ko’prog’i Zaydiylar firqasiga mansub. Zaydiylar Saudiya Arabistonida, Pokiston va boshqa davlatlarda ham bor.