ZAYDON JURJI

ZAYDON JURJI (1861.14.12, Bayrut — 1914.21.8, Qohira) — Arab yozuvchisi, publitsist va olimi. Bayrutdagi tibbiyot kollejida o’qigan (1881-82). 19-asr 80-yillarida Misrga ko’chib kelib, “Al-Hilol” jurnali (1892) ni tashkil qilgan. Zaydon yangi Arab adabiyotida tarixiy roman janriga asos solgan. U “Islom tarixidan qissalar turkumi”ni tashkil etgan 17 ta tarixiy roman muallifi (“G’assonlik qiz”, 1895 — 96; “Horun ar-Rashidning singlisi”, 1906; “Farg’ona kelini”, 1907-08 va boshqalar). Mazkur romanlarda 7-13-asrlarda ro’y bergan tarixiy voqealar bayon qilingan. “Farg’ona kelini” romanidagi voqealar Markaziy Osiyoda arablar istilosi davri (7-asr oxiri va 8-asr boshlari) da ro’y bergan. “Mamluklar zulmi”, (1893) romani tarixiy mavzuda, “Usmonli turklar davlat to’ntarishi” (1911) romanida esa muallif o’zi yashagan davrdagi voqealarni qalamga olgan. Zaydon ko’pgina ilmiy asarlar muallifi: “Islom madaniyati tarixi” (1902-06); “Arab tili tarixi” (1904); “Arab adabiyoti tarixi” (1911 — 14) va boshqalar. Asarlari dunyoning ko’pgina tillariga, jumladan, o’zbek tiliga tarjima qilingan (“Farg’ona kelini”, 1971).