ZEBO PARI
ZEBO PARI — maqom sho’balarida va mumtoz ashulalarda namud o’rnida qo’llaniladigan mashhur avj. Taxminlarga ko’ra, bu avjni Zebo pari taxallusli farg’onalik mashhur xonanda va sozanda-bastakor Abdurahmon (19 asr) ijod qilgan deb hisoblaydilar. Aslida u bu avjni zo’r ehtiros va mahorat bilan ijro etganligi sababli avjga Zebo pari nomi berilgan. Buzruk maqomining Buxoro irog’i, Rostning Savti Sabo, Savti Kalon sho”balarida, Ushshoqi Xo’qand ashulasida, Iroq maqomining Saraxbori Iroq, Chanbari Iroq sho’balarida Zebo paridan foydalanilgan. Zebo pari ohanglari kiritilgan sho’balarning doira usuliga moslab olinadi hamda ashula yo’llari tarkibida turli ko’rinishlarda uchraydi. Zebo pari xonandalarning cho’qqi pardalarga chiqish, ovoz va badihago’ylik mahoratlarini namoyish etishlarida keng imkoniyatlarga ega.