ZIKINA LYUDMILA GEORGIYEVNA

ZIKINA LYUDMILA GEORGIYEVNA (1929.10.6, Moskva) — rus xonandasi, Rossiya (1968), O’zbekiston (1980) xalq artisti, mehnat qahramoni (1987), professor (1989). Pyatniskiy nomidagi rus xalq xori (1947-51), Butunittifoq radiosi qoshidagi rus qo’shig’i xori (1951-60), Moskontsert (1960— 77) da yakka xonanda, “Rossiya” davlat akademik xalq ansamblining badiiy rahbari (1977 yildan), Rossiya madaniyat akademiyasi prezidenti (1992 yildan). Kuchli, nihoyatda boy va jozibali ovoz sohibasi. Ijrosi milliy mumtoz kuylash uslubini mukammal bilishi, yuksak mahorati, keng nafasi va alohida kuychanligi bilan ajralib turadi. Repertuaridan rus xalq qo’shiqlari (“Orenburg ro’moli”, “Uzoqlardan oqib kelmoqda Volga” va boshqalar) keng o’rin olgan. Yevropa, Osiyo (jumladan O’zbekistonda ham) va Amerika mamlakatlarida bir necha marta gastrolda bo’lgan.