ZIRH

ZIRH — 1) odamlarni, harbiy texnikani, qurol-yarog’, turli mudofaa inshootlarini o’q, snaryad, aviatsiya bombalari va yadro portlashlarning shikast beruvchi ta’sirlaridan himoya qiluvchi vosita. Asosan, zirh po’latidan qilinadi. Zirh o’q va snaryadlarning ta’siriga qarshilik ko’rsatadigan chidamli va snaryadlar ko’p martalab tekkanda yemirilmaydigan bo’lishi lozim. Bu xususiyatlar po’latning kimyoviy tarkibini, eritish texnologiyasini, termik ishlov berishni, ulardan tayyorlanadigan detal va buyumlarning texnologik jarayonlarini tanlab ta’minlanadi. Vazifasiga ko’ra, Zirh o’qqa va snaryad parchalariga qarshi, snaryadga qarshi, tayyorlash xususiyatiga ko’ra prokatlangan va quyma; tuzilishiga ko’ra, monolit (yaxlit), kombinatsiyalashgan; ichki tuzilishiga ko’ra, gomogen (bir jinsli), geterogen (kesimi bo’yicha xossalari bir xil bo’lmagan) xillariga bo’linadi. Zirh alyuminiy plastmassa yoki po’lat alyuminiy plastmassa aralashmasidan ham tayyorlanishi mumkin. Qadim zamonlarda ham Zirhdan foydalanishgan (masalan, o’q va qilich zarbidan badanni himoya qiladigan vositalar). Harbiy avtomobil va bronepoezdlar, tank, kema, samolyotlar Zirhlangan; 2) zirhli mollyuskalarning chig’anog’i va zirxlilarning teri skeletini anglatuvchi tushuncha.