ZIYNAT TOSHLARI

ZIYNAT TOSHLARI – san’at buyumlari (vaza, quticha, qadama naqsh va shu kabilar) va zebi-ziynatlar (uzuk, isirg’a, to’g’nog’ich va boshqalar) tayyorlanadigan rangli mineral va tog’jinslari. Ziynat toshlari fizik-mexanik xossalariga qarab qattiq (5 va undan qattiqroq — mineral shkalasi bo’yicha, masalan, nefrit, yashma, agat va boshqalar) va yumshoq (qattiqligi 4 va undan yumshoqroq masalan, malaxit, marmar oniksi, flyuorit va boshqalar) bo’ladi. Ziynat toshlari qiymatiga ko’ra, 3 sinfga bo’linadi: birinchi sinfga nefrit, lojuvard, sodalit, rodonit, malaxit, avantyurin va boshqalar; ikkinchiga — lepidolit, serpentin, obsidian, diatomit, flyuorit, qahrabo va boshqalar; uchinchiga — tosh tuzi, gips, marmar, angidrit, porfirlar va boshqalar kiradi. Agat, qahrabo va ba’zi bir boshqa minerallarning yaxshi turlari qimmatbaho toshlar hisoblanadi. Ziynat toshlari konlari yer kurrasining ko’p joylarida bor. O’zbekistonda Ziynat toshlari Samarqand, Navoiy viloyatlarida (marmar), Zirabuloq, Chatqol tog’lari, Kumushkonda (marmar oniksi), Qizilqum, Sulton Uvaysda (Feruza), Qurama, Chatqol (xaltsedon, flyuorit, agat) va Piskom tog’larida (ametistsafsar, malaxit, tog’ billuri) topilgan. Xorijda Ziynat toshlarining konlari RF (Ural, Sibir, Oltoy va boshqalar), Ukrainada (Donbass, Karpat tog’lari, Qrim va boshqalar), Qozog’iston, Afrika, Janubiy Amerika, Avstraliya va boshqa joylarda bor. Ziynat toshlarining kup turlari texnikaning turli sohalarida ham ishlatiladi.