ZIYODULLAYEV SAIDKARIM

ZIYODULLAYEV SAIDKARIM (1913. 15. 10, Toshkent) — iqtisodchi olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi (1974), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan iqtisodchi (1973), iqtisod fanlari doktori (1966), professor (1982). Moskva kommunal qurilish institutini tugatgan (1938). O’zbekiston qurilish materiallari sanoati vaziri (1946-48), O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o’rinbosari va Davlat plan komitetining raisi (1948-55; 1957-74), O’zbekiston shahar va qishloq qurilishi vaziri (1955-56), O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o’rinbosari va Mirzacho’l yerlarini sug’orish va o’zlashtirish bosh boshqarmasi boshlig’i (1956-57). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi ishlab chiqaruvchi kuchlarni o’rganish kengashi raisi (1974-89), Iqtisodiyot institutida maslahatchi (1989 yildan). Ilmiy ishlari O’zbekiston sanoati va uni rivojlantirish masalalari, rejalashtirish, kapital qurilish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirish, muammolariga bag’ishlangan. “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan (1994).