ZOOLOGIYA

ZOOLOGIYA (Zoo… va …logiya) — hayvonlar to’g’risidagi fan, biologiyannt bir sohasi. Zoologiya hayvonot olamining xilma-xilligi va tarixiy taraqqiyotini, hayvonlarning tuzilishi, hayot kechirishi, tarqalishi, rivojlanishi, shuningdek, ularning yashash muhiti bilan munosabatlarini o’rganadi. Zoologiya keng tarmoqli kompleks fan bo’lib, bir qancha mustaqil fanlarni o’z ichiga oladi. Sistematika turlarning xilma-xilligi, ularning o’zaro o’xshashligi yoki bir-biridan farq qiluvchi belgilari asosida hayvonlarni sistemaga solish bilan shug’ullanadi. Hayvonlarning tashqi tuzilishini morfologiya, ichki tuzilishini anatomiya o’rganadi. Solishtirma va evolyutsion morfologiya turli sistematik guruhlarga mansub bo’lgan hayvonlarning tuzilishi va tarixiy rivojlanishini, embriologiya embrional rivojlanishini, etologiya xulq-atvorini tekshiradi. Filogenetika hayvonot dunyosining tarixiy taraqqiyotini, paleozoologiya qadimgi geologik davrda yashab qirilib ketgan hayvonlarni, ekologiya hayvonlarning tashqi muhit bilan va o’zaro munosabatlarini, fiziologiya hayvonlar organizmi funktsiyasini, biokimyo hayvonlar organizmining kimyoviy tarkibini o’rganadi. Tekshirish ob’yektlariga binoan ham Zoologiya bir qancha fanlarga ajratiladi. Masalan, bir hujayralilarni protozoologiya, ya’ni protistologiya, parazit chuvalchanglarni gelmintologiya, mollyuskalarni malakalogiya, qisqichbaqasimonlarni karsionologiya, o’rgimchaksimonlarni araxnologiya, kanalarni akarologiya, hasharotlarni entomologiya, baliqlarni ixtiologiya, qushlarni ornitologiya, sut emizuvchilarni teriologiya o’rganadi. Zoologiya boshqa biologiya fanlari hamda tibbiyot, veterinariya va qishloq xo’jalik bilan uzviy bog’liq. Zoologiyaning ko’pgina bo’limlari esa parazitologiya, gidrobiologiya, epizootologiya, epidemiologiya kabi kompleks fanlar tarkibiga kiradi. Odam va hayvonlarning parazitlarini o’rganish tibbiyot va veterinariya parazitologiyasi uchun muhim ahamiyatga ega. Tuproqda yashovchi hayvonlarni o’rganish esa tuproq hosil bo’lishi jarayonlarini tushunib olib, tuproq unumdorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Ekologo-zoologik tadqiqotlar chorvachilik, ipakchilik, baliqchilik kabi qishloq xo’jalik tarmoqlarini rivojlantirish, ovlanadigan hayvonlar sonini tartibga solish, foydali hayvonlarni iqlimlashtirish va ko’paytirish, shuningdek, qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurashni to’g’ri tashkil etishga yordam beradi. Turli hayvonlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni, shuningdek, hayvonlar organizmidagi biokimyoviy o’zgarishlarni tadqiq etish parazit va zararkunanda hayvonlarga qarshi biologik kurash choralarini ishlab chiqishda muhim o’rin tutadi. Zoologik tadqiqotlarda to’plangan ilmiy ma’lumotlar organik olamning rivojlanishi to’g’risidagi evolyutsion ta’limotni yaratish uchun asos bo’lib xizmat qilgan. Hayvonlar haqidagi ilk yozma ma’lumotlar miloddan avvalgi 5-4 asrga oid Misr, Xitoy va Yunon adabiyotlarida uchraydi. Zoologiyani rivojlantirishda Aristotel asarlari muhim rol o’ynaydi. U 452 tur hayvonning tuzilishi, hayot kechirishi va tarqalishi haqida ma’lumot bergan. Qad. Rim tabiatshunoslaridan Gay Pliniy (milodiy 23-79 yillar) o’zining 37 kitobdan iborat “Tabiat tarixi” asarida o’sha davrda ma’lum bo’lgan barcha hayvonlarni ta’riflab bergan. Boshqa tabiiyot fanlari qatori Zoologiyaning bundan keyingi rivojlanishi Uyg’onish davridan boshlanadi. Bu davrda Xristofor Kolumb, Marko Polo, Magellan kabi sayyohlarning dengizlar osha sarguzashtlari natijasida ilgari noma’lum bo’lgan yangi hayvon turlari kashf etildi. Ayni shu davrda shveytsariyalik vrach va naturalist K. Gesnerning (1516-1565) 17 jildli “Hayvonlar tarixi” entsiklopedik asari paydo bo’ladi. Zoologiyaning taraqqiyotida 17-asrda mikroskopning kashf etilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi. Golland olimi A. Levenguk “Mikroskop yordamida ochilgan tabiat sirlari” asari orqali mikroskopik hayvonot dunyosini ochib berdi. Italiyalik olim M. Malpigi umurtqali hayvonlar qon aylanish, ayirish sistemasi va terisining tuzilishini tushuntirib berdi. 17-asr oxiri va 18-asrning 1-yarmida J. Rey va ayniqsa K. Linneyning ishlari tufayli hayvonot dunyosining zamonaviy sistemasiga zamin yaratildi. Aynan o’sha davrdan Zoologiya ayrim mustaqil tarmoqlarga ajrala boshladi. K. Linney tur, urug’ (avlod), turkum, sinf deb nomlangan sistematik kategoriyalarni umumlab berdi. Linney hayvonot dunyosini sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar (suvda va quruqlikda yashovchilar bilan birga), baliqlar, hasharotlar va chuvalchanglar sinflariga ajratadi. U turni ikki nom bilan atash (binar nomenklaturtshik taklif etadi. Frantsuz J. Byuffon Zoologiya sohasidagi barcha ma’lumotlarni to’plab, 36 jildli “Tabiat tarixi” asarini yozadi. Frantsuz olimi J. Kyuve qadimgi hayvonlarning qazilma qoldiqlarini o’rganadi va organizmning bir butunligi, organlarning o’zaro bog’liqligi to’g’risidagi organlar korrelyatsiyasi ta’limotini yaratdi. U fanga “tip” tushunchasini kiritdi va hayvonot olamini umurtqalilar, yumshoq tanlilar, bo’g’imoyoqlilar, ignaterililar tiplariga hamda 19 sinfga ajratadi. 19-asrda biologiyada tirik tabiatning murakkab formalari oddiy formalardan kelib chiqqanligidagi evolyutsion g’oyalarning rivojlanishida T. Shvan va M. Shleyden tomonidan hujayra nazariyasining ilgari surilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi. Turlarning o’zgarishi va oddiy formalarning kelib chiqishini birinchi bo’lib J. B. Lamark tushuntirib berdi. U Linney sistematikasini takomillashtirib, hayvonlarni 14 sinfga ajratadi. Organik dunyo evolyutsiyasi haqidagi materialistik ta’limot asoschisi Ch. Darvin Zoologiyaning rivojlanishiga ham bevosita o’z hissasini qo’shgan, uning “Bigl” kemasida sayohatlari to’g’risidagi “Izlanishlar kundaligi” (1839) asarida Janubiy Amerika va unga yaqin orollardagi kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar, toshbaqalar va boshqa hayvonlar to’g’risida ilk bor ma’lumot beriladi. Ayniqsa, uning boshchiligida tayyorlangan “Zoologiya” asari, “Mo’ylovoyoqli qisqichbaqasimonlar” monografiyasi (1851-54) katta ahamiyatga ega bo’ldi. Zoologiyada evolyutsion g’oyalar faqat Ch. Darvinning “Tabiiy tanlanish yo’li bilan turlarning paydo bo’lishi” asari nashr etilgandan so’ng to’la-to’kis o’z asosini topdi. Olimning ta’limoti Zoologiyaga qiziqishni yanada kuchaytirib, bir qancha mamlakatlarda Zoologiya jamiyatlari tashkil etildi. 1889 yildan boshlab zoologlarning xalqaro s’yezdi, entomologlar va ornitologlarning xalqaro kongresslari chaqirila boshlandi. Dengiz, okean va quruqlik hayvonlarini o’rganish maqsadida juda ko’plab ekspeditsiyalar tashkil etiladi. 20-asrning 2-yarmidan boshlab sistematika sohasidagi tadqiqotlarda an’anaviy usullar bilan bir qatorda tobora ko’proq biokimyoviy, serologik, kariologik, molekulyar va genetik usullar keng tadbiq qilina boshladi. Bu borada DNK molekulasi strukturasining aniqlanishi (A. N. Belozerskiy), tuproq hosil bo’lishida hayvonlar ahamiyatining ko’rsatib berilishi (Gilyarov), zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashning genetik usuliga asos solinishi (A. S Serebrovskiy) katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekistonda Zoologiyaning rivojlanishi Sharqning buyuk allomalari nomi bilan bog’liq. Abu Rayhon Beruniy 101 hayvon va ulardan olinadigan dori-darmonlar to’g’risida yozib qoldirgan. Uning “Hindiston” asarida (1030) bu o’lka hayvonlari to’g’risida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi. Abu Ali ibn Siyaoning “Kitob ash-shifo” asarida odamda parazitlik qiluvchi gelmintlar to’g’risida ma’lumot beriladi. Bu asardagi ayrim gelmintlar nomi (qovoqsimon qurt, mitti qurt) xrzirgacha saqlanib qolgan. O’rta Osiyo, jumladan O’zbekiston hayvonot dunyosini o’rganish bo’yicha maxsus ilmiy tadqiqotlar 19-asrning 2-yarmidan boshlandi. Rus olimi N.A. Seversov Orol dengizi, Ustyurt, Qizilqum, Sirdaryo, Pomir, Tyanshan hayvonlarini; A. P. Fedchenko olay va Zarafshon vodiysi hayvonlarini o’rganadi. V. F. Oshanin “Turkiston yarim qattiq qanotlilari faunasi” asarida hasharotlarning 700 dan ortiq turi to’g’risida ma’lumot bergan. Uning tashabbusi bilan 1876 yilda Toshkentda tabiat muzeyi ochiladi. 20-asrning boshlarida olib borilgan zoologik tadqiqotlar, asosan, mahalliy aholi o’rtasida keng tarqalgan parazit va kasallik tarqatuvchi hayvonlarni o’rganish, ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bilan bog’liq. O’rta Osiyoning turli hududlariga bir qancha ekspeditsiyalar uyushtirilib, bezgak chivini va rishtaning biologiyasi batafsil o’rganildi (L. M. Isayev, N. I. Xodukin). Bir qancha hududlarda bezgakni tadqiq qiladigan stansiyalar va tropik kasalliklar instituti (hozirgi Tibbiyot parazitologiya instituti) tashkil etildi. Bu tadbirlar tufayli 20-asrning o’rtalariga kelib bezgak va rishta batamom tugatildi. O’zbekiston hayvonot dunyosini o’rganish, ayniqsa, Turkiston davlat unti tashkil etilgandan so’ng jadallashdi. Bu davrdagi zoologik tadqiqotlar hayvonlarning deyarli barcha taksonomik guruhlarini o’z ichiga oladi. Universitetning zoologiya va gidrobiologiya kafedralarida tuproq hayvonlari (bir hujayralilar, nematodalar, yomg’ir chuvalchanglari), suv havzalari plankton tarkibi va hasharotlar o’rganildi (A. L. Brodskiy, E. S. Kiryanova, S. D. Muraveyskiy, N. A. Keyzer, V. F. Gurvich, V. P. Nevskiy). Zoologik tadqiqotlar miqyosi O’zbekistonning turli shaharlarida oliy o’quv yurtlari va, ayniqsa, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti tashkil qilinishi tufayli yanada kengaydi. 20-asrning o’rtalari va 2-yarmidagi asosiy tadqiqotlardan tuproq bir hujayralilari (A. L. Brodskiy, V. F. Nikolyuk va boshqalar), o’simlik nematodalari (A. To’laganov , Sh. Xurramov, Z. Norboyev, O. Mavlonov va boshqalar), yovvoyi va qishloq xo’jalik hayvonlari gelmintlari (M. Sultonov, I. Ergashev, J. Azimov, T. Qobilov, N. Matjonov, Sh. Azimov, S. Dadayev va boshqalar), o’rgimchaksimonlar (N. Ergashev) va zararkunanda hasharotlarni (V. Yaxontov, S. Alimuhamedov, R. Olimjonov, A. Muhammadiyev, A. Hamroyev, M. Ahmedov, G. Dubovskiy, B. Allamurodov va boshqalar) o’rganish sohasida olib borilgan tadqiqotlar ayniqsa salmoqli bo’ldi. Parazit ikki qanotlilar va bir hujayralilarni o’rganish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo’yicha ham keng miqyosda tadqiqot ishlari olib borildi (E. Gan, M. Qodirova, A. Obidjonov, O. Davronov va boshqalar). O’zbekistonda gidrobiologik tadqiqotlar suv havzalarining biologik mahsuldorligini oshirish, yangi tur hayvonlarni iqlimlashtirish bilan bog’liq bo’ldi (A. L. Brodskiy, S. D. Muraveyskiy, N. Kayzer, G. Bulgakov, V. Gurvich, A. Muhammadiyev, F. Komilov, M. Abdullayev, I. Mirabdullayev, A. Omonov va boshqalar). O’zbekiston hududida umurtqali hayvonlar to’g’risidagi ayrim ma’lumotlar 19-asrning 1-yarmida paydo bo’lgan. Lekin ularni keng miqyosda o’rganish faqat 20-asrning boshlarida boshlandi. 20-asrning o’rtalari va oxirida sut emizuvchilar (D. Kashkarov, T. Zohidov, O. Mitropolskiy. I. Kolesnikov, Ya. Dovlatov), qushlar (D. Kashkarov, R. Meklenbursev, A. Sagitov, O. Bogdanov, S. Baqoyev, E. Shernazarov), sudralib yuruvchilar o’rganildi (T. Zohidov, O. Bogdanov), hayvonlar qazilma qoldiqlari (B. Botirov va boshqalar) tadqiq qilindi. So’nggi yillarda Zoologiya sohasidagi tadqiqotlarda ekologiya, biokimyo, biofizika bilan bog’liq izlanishlarga keng o’rin berildi. Zoologiya sohasidagi asosiy muammolar hayvonot dunyosi biologik xilma-xilligini hamda endemik, noyob va soni kamayib ketayotgan turlarni saqlab qolish va ko’paytirish bilan bog’liq. O’zbekistonda Zoologiya sohasidagi tadqiqotlar O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya, chorvachilik, veterinariya, qishloq xo’jalik ekinlarini himoya qilish institutlarida, deyarli barcha universitetlar, tibbiyot va pedagogika institutlari kafedralarida olib boriladi. Ad.: Zaxidov T. 3., Priroda i jivotniy Mir Sredney Azii, tom 1-2, T. 1969— 71; O’zbekiston Respublikasi biologik xilma-xilligini saqlash rejasi va harakatlari dasturi, T., 1998; Bogdanov O. P., Redkie jivotnie Uzbekistana: T.: 1992; Mavlonov O.:Xurramov Sh.: Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998. Jaloliddin Azimov, Elmurod Shernazarov, Ochil Mavlonov.