ZULFI TILLA

ZULFI TILLA, Zulfizar (tilla soch tutami, jingalasi) — ziynat buyumi, ayollar sochiga taqiladigan bezak. Markaziy turunj shaklidagi to’g’nog’ich va undan yon tomonlariga qora ipak ipdan chiqarilgan ikki qator shokiladan iborat. To’g’nog’ich qismi yupqa kumush yaproqchalaridan iborat bo’lib, gajaksimon uchli shakl va tana qismdan iborat, yuzasi bosma naqsh, kesma chiziqlar (ba’zan o’simliksimon naqshlar) bilan bezatilgan, yirik rangli shisha ko’zlar o’rnatilgan, quyi qismiga shokilalar osilgan. Ikki qator ipak shokilasiga ko’plab qubbachali (qo’ng’iroqcha shaklida) popuklar biriktirilgan, uning uchi band (“baxt bandi”) bilan yakunlangan. Yurganda va harakatlanganda ular tovush chiqarib jaranglagan.