Virusli kasalliklar

Virusli kasalliklar, Virozlar — viruslar qo’zg’atadigan kasalliklar. Virusli kasalliklarga odam, hayvon va o’simliklarda uchraydigan juda ko’p yuqumli kasalliklar kiradi. Odamlarda viruslar qo’zg’atadigan gripp, qizamiq, suv chechak va chin chechak, virusli gepatit, poliomielit, entsefalit, quturish, gemorragik isitma kabi kasalliklar birmuncha mukammal o’rganilgan. Ko’pincha teri kasalliklarini ham viruslar paydo qilishi aniqlangan. Hayvonlarning Virusli kasalliklariga Kirov (oqsim), o’lat, ornitoz, Psittakoz, parrandalar grippi, Nyukasl kasalligi, Ruft vodiysi isitmasi, qo’ylarning kataral isitmasi va boshqalar kiradi. Ular epizootiyalar shaklida kechib, katta iqtisodiy zarar yetkazadi. O’simliklarda Virusli kasalliklar g’oyat xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ko’pgina qishloq xo’jalik ekinlari (ayniqsa, vegetativ yo’l bilan ko’payadiganlari) kasallanadi. Virozlar boshoqli o’simliklar, kartoshka, mevali, sabzavot, rezavor mevali va boshqa o’simliklarga eng ko’p zarar keltiradi. Ko’pincha, o’simlik hosilining kamayishiga va sifatining pasayishiga sabab bo’ladi. Masalan, bug’doy, arpa va boshqa o’simliklarga g’umbaklanish virusi erta yuqqanda boshoqlar puch bo’ladi; virusli mozaika bilan kasallangan kuzgi bug’doy umuman hosil bermaydi. Ko’pchilik Virusli kasalliklar qishloq xo’jaligida yaqindan beri (20-asr) salbiy ahamiyatga ega bo’lib kelmoqda. Virusli kasalliklar o’simlik organizmida chuqur o’zgarishlarga sabab bo’ladi. Eng xarakterli o’zgarishlar assimilyatsiya apparatida yuz beradi. Assimilyatsiya mahsulotlari ildiz, ildizmeva, tuganak (ko’p yillik o’simlik turlarida qishlovchi organ bo’lib, odatda, ularda oziq moddalar saqlanadi) va o’simlikning boshqa qismlariga yetib bormaydi. Umuman, o’simliklar qator anatomik va morfologik o’zgarishlarga uchraydi. Natijada o’simlik rivojlanishi susayadi va umumiy holati yomonlashib, «nasl aynish alomatlari» kuzatiladi. Assimilyatsiya mahsulotlarining barglardan oqishi ushlanib qolishi tufayli bargda kraxmal ko’payib ketadi. Kasallikning o’zgarish xarakteriga ko’ra Virusli kasalliklar ikki guruh: mozaikalar va sariqlarga bo’linadi. Mozaikalarning asosiy belgisi — barg rangining olachipor bo’lishi (masalan, tamaki, kartoshka, pomidor, lavlagi va boshqa mozaikasi); bunga xlorofilli apparatdagi o’zgarishlar sabab bo’ladi. Sariq kasali uchun umumiy xloroz (bargning rangsizlanishi), o’sishning buzilishi, ko’pincha pakanalik xarakterli; barglarning buralishi, burishishi, ularda uglevodlarning haddan tashqari to’planishi natijasida barglar dag’al va mo’rt bo’lib qoladi (boshoqlilardagi g’umbaklanish, g’uza, kartoshka barglari buralishi va boshqalarda). Ko’pgina Virusli kasalliklarni hasharotlar (o’simlik bitlari, tsikadalar, tripelar, oqqanotlar, qandalalar va boshqalar), ba’zilarini (bug’doyning taram-taram mozaikasi va boshqalar) kanalar tarqatadi. Infektsiya kasal o’simlikdan sog’lomiga bir-biriga tekkanida, bir-birini engil jarohatlaganda (masalan, shamol ta’sirida) o’tishi ham mumkin. Virusli kasalliklarning deyarli hammasi o’simlik jinssiz ko’payganda avlodga osongina o’tadi. O’simliklarning viruslarga nisbatan o’ta sezgirligi amalda katta ahamiyatga ega. Bunda infektsiya to’qimaning ma’lum bir qismidagina bo’lib, boshqa yerga tarqalmaydi va o’simlikning umumiy kasallanishi ro’y bermaydi. Himoya choralarini qo’llash uchun Virusli kasalliklar belgilarini aniqlash zarur. Diagnoz qo’yishda kasallik belgilari, hujayra ichidagi tarkibiy qism shakli, serologik reaktsiya, kasallikning yuqumliligi, virus qismlarining morfologiyasi, kasallangan o’simlik shirasini bakteriologik filtrdan o’tishi va boshqalar hisobga olinadi. Kasallikning oldini olish va kurash choralari: agrotexnik chora-tadbirlar; virus tashuvchi hasharotlarga qarshi kurash; virusga chidamli yoki o’ta sezgir navlarni ekish. Ad.: Virusnie bolezni rasteniy, M., 1967; Virusnie bolezni selskoxozyaystvennix rasteniy, L., 1974. Sulton Alimuhamedov.