Payariq tumani

Payariq tumani — Samarqand viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (markazi Chelak qishlog’i bo’lgan). 1953 yil Payariq tumanining bir qismidan Narimonov tumani tuzilgan. 1959 yilda Narimonov tumani Payariq tumaniga qo’shilgan (markazi Narimonov qishlog’i). 1991 yilda Payariq tumanidan Chelak tumani ajralib chiqqan. 2001 yilda yana Payariq tumani bilan Chelak tumanlari birlashtirilib, ular negizida Payariq tumani tashkil qilindi (markazi Payariq shaharchasi). Payariq tumani o’rtacha 610 metr balandlikda. Shimoli-g’arbdan viloyatning Qo’shrabot, g’arbdan Ishtixon, Jan.dan Oqdaryo va Jomboy tumanlari, shimoldan Jizzax viloyatining Forish, shimoli-sharqdan G’allaorol tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1,29 ming km2. Aholisi 182,9 ming kishi (2003). Tumanda 2 shahar (Payariq, Chelak), 6 qishloq fuqarolari yig’ini (Guliston, Ko’kdala, Ko’lto’sin, Sanoat, Choshtepa, Qorasuv) bor. Tuman markazi — Payariq shahri. Tabiati. Tuman hududi Nurota tog’ tizmalarining Janubda joylashgan. Relyefi shimolda tog’lar, adirlar, tog’ oralig’i botiqlari, Janubiy qismi tekislikdan iborat. Tuproqlari, asosan, och bo’z tuproq, tog’etaklarida to’q bo’z tuproq, jigarrang va qo’ng’ir tog’-o’rmon tuproqlari. Yovvoyi o’simliklardan shuvoqsho’ra aralash efemerlar, bug’doyiq va tog’chalacho’l o’simliklari o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, chiyabo’ri, quyon, jayran, jayra, gekkon kaltakesagi, toshbaqa, sariq ilon, echkemar, ko’rsichqon, tipratikan, kalamush, qushlardan so’fito’rg’ay, chumchuq, chug’urchiq, zarg’aldoq va boshqalar uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 13,4°, yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1,2°, iyulniki 27°. Eng yuqori temperatura 45°, eng past temperatura -28°. Vegetatsiya davri 196 kun. Yillik o’rtacha yog’in 312 mm, asosan, qishda va bahorda yog’adi. Tog’lardan oqib tushadigan mayda soylar bahor oylarida Sag’anoqsoyga borib quyiladi. Janubiy tekislik qismidan Zarafshon daryosining irmoqlari — Qorasuv va boshqa mayda soylar oqib o’tadi. Ekinlarni sug’orishda Zarafshon va boshqalar. Daryo hamda soylardan foydalaniladi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, turkman, qozoq, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2ga 142 kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxtachilik bilan birga don yetishtirish va chorvachilik muhim tarmoqlardan hisoblanadi. Tumanda «Baltimor» Rossiya — Amerika qo’shma korxonasida konserva, kompot, tomat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Qurilish oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Paxta tozalash, g’isht zavodlari bor. Kichik, xususiy korxonalar faoliyat ko’rsatadi. Tumanda shirkat, fermer xo’jaliklari mavjud. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlarga paxta, don, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor va tutzorlar bor. Tuman xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki boqiladi. Payariq tumani da 98 umumiy ta’lim maktabi, 2 musiqa, 3 sport, 1 futbol maktablari, 2 adabiyot va til markazi, Chelak sanoat-transport, Payariq, Al Buxoriy qishloq xo’jalik kollejlari mavjud. Markaziy kutubxona va uning 61 tarmog’i, 2 bolalar, 1 maxsus kutubxona, Markaziy madaniyat uyi, shahar, 24 qishloq madaniyat uylari, 3 avtoklub, xalq teatri ishlab turibdi. Tumandagi Markaziy kasalxona va uning Chelak, N.Azizov, Oxunboboyev, Navoiy, Oqqo’rg’on, Ko’lto’sin hududiy bo’limlari, 2 tez tibbiy yordam bo’limi (jami 565 davolash o’rni), 2 poliklinika, 30 qishloq vrachlik punkti, 47 feldsher-akusherlik punktida 284 vrach, 1825 o’rta va kichik tibbiy xodim ishlaydi. Tuman hududidan Samarqand — Payariq — Qo’shrabot yo’llari orqali Navoiy, Jizzax viloyatiga, Samarqand — Chelak — Mitan orqali Qo’shrabottumani hamda Navoiy viloyati yo’nalishi bo’yicha avtobuslar qatnaydi. Tumandagi tarixiy va me’moriy yodgorliklar ichida eng yirigi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuidir. Payariq shahrining shim. qismida Tohir Shayx maqbarasi va masjidi bor. Chelaktepa, Sho’rtepa, Uchtepa, Yigirmatepa, Ernazartepa, Qorovultepa, Moylitepa, Yo’ltepa kabi tepaliklar saqlanib qolingan.