Pavlov Ivan Petrovich

Pavlov Ivan Petrovich [1849.14(26).9, Ryazan — 1936.27.2, Leningrad] — rus fiziologi; odam va hayvonlar oliy nerv faoliyati ta’limoti asoschilaridan. Rossiya Fanlar Akademiyasi akademik (1907); tibbiyot-xirurgiya (harbiy tibbiyot) akademiyasini tugatgach (1879), SP. Botkin laboratoriyada ishladi. 1890 yildan Harbiy tibbiyot akademiyasining professor, avval farmakologiya, keyinchalik fiziologiya kafedrasi mudiri (1896— 1924), ayni vaqtda eksperimental tibbiyot institutida fiziologiya bo’limi boshlig’i. 1925 yildan SSSR Fanlar Akademiyasi fiziologiya instituti direktori. Pavlovga ilmiy tadqiqot ishlari olib borish uchun 1921 yil Leningrad yaqinidagi Koltushi (hozirgi Pavlove) qishlog’ida ilmiy- tajriba stansiyasi qurib berilgan. Ilmiy izlanishlari qon aylanishi, ovqat hazm qilish va oliy nerv sistemasi fiziologiyasiga oid. Sog’lom organizm faoliyatini o’rganishga imkon beruvchi surunkali eksperimentni amaliyotga tatbiq etgan. Ruhiy faoliyat asosini bosh miya po’stida ro’y beradigan moddiy fiziologik jarayonlar tashkil etishini shartli reflekslar usuli yordamida isbotlagan. Pavlovning oliy nerv faoliyati fiziologiyasi (signal sistemasi, nerv sistemasi tiplari, funktsiyalar lokalizatsiyasi, katta yarim sharlar ishi sistemali bulishi va boshqalar)ga oid tadqiqotlari fiziologiya, tibbiyot, psixologiya va pedagogikaning rivojlanishida katta rol o’ynadi. Pavlov shartli refleksni kashf qildi va o’rgandi. Uning odam uchun xos bo’lgan oliy nerv faoliyati, ikkinchi signal sistemasi to’g’risidagi tadqiqotlari amaliy ahamiyatga ega. Nobel mukofoti laureati (1904).