ARGAZID KANALAR
ARGAZID KANALAR (Argasidae) -parazitoform kanalar oilasi. Och kana uzunligi 2 — 13 millimetr. Tanasi yassi, bir muncha qalin qobiq bilan o’ralgan, qalqonlari bo’lmaydi. Quruqlikda yashovchi umurtqalilar qonini so’rishga ixtisoslashgan parazitlar. Argazid kanalar uzoq vaqt (11 yilgacha) och yashashi mumkin, lekin hayvonga yopishib juda tez va ko’p miqdorda qon so’radi. Qonga to’ygan kananing massasi och kanaga nisbatan bir necha yuz marta ortadi. Urg’ochisi 50 — 200 tadan tuxum qo’yadi. Kechasi faol hayot kechiradi. Ayrim turlari odam va hayvonlarga spiroxetoz, virus kasalliklarini yuqtiruvchi hisoblanadi (masalan, tovuq spiroxetozini Eron argas kanasi — Argas persicus tarqatadi). Kana odam qonini so’rganida teri qichiydi. Argazid kanalarning 100 ga yaqin turi mavjud. O’zbekiston va Markaziy Osiyo hududida Eron argas kanasi, kaptar kanasi (Argazid reflicus) va Ornithodorus urug’ining turlari uchraydi. Argazid kanalar uy hayvonlarining qonini so’rib katta ziyon keltiradi.