Payvandlash

Payvandlash (texnikada) — qattiq materiallar (metall, keramika, shisha, va boshqalar)ni ajralmas qilib biriktirish usuli. Payvandlashning 60 dan ortiq usuli bor. Metallarni Payvandlash qadimdan ma’lum. 1882 yilgacha bosim ostida Payvandlashning temirchilik usulidan foydalanilgan. Rus ixtirochisi N. N. Benardos birinchi marta metallarni ko’mir elektroddan foydalanib Payvandlash (elektr yoy) usulini topgan, rus muhandisi N. G. Slavyanov buni takomillashtirib, ko’mir elektrod o’rniga metall elektrod ishlatgan. Atsetilen topilganidan keyin frantsuz metallurgi E. Fushe gaz payvandni, amerikalik olim J. Tomson qarshilikli uchma-uch Payvandlash (1837), keyinchalik N. N. Benardos nuqtaviy kontakt Payvandlash usulini ixtiro qildi, akademik E. O. Paton (1940) rahbarligida elektr shlakli Payvandlash usuli ishlab chiqildi. Payvandlashning bosim ostida va eritib Payvandlash usullari bor. Bosim ostida Payvandlashda metall plastik holatga keltirib biriktiriladi; biriktiriladigan joyga tashqi kuch ta’sir ettiriladi. Bunday Payvandlash mexanik, kimyoviy-mexanik va elektr-mexanik usullarga bo’linadi. Kontakt payvand, nuqtaviy Payvandlash usullari ham bor. Eritib Payvandlashda biror issiqlik manbai ta’sirida buyumning payvandlanadigan joylari va payvand chiviq (agar u ishlatilsa) suyuqlanish holatiga keltiriladi. Bu usulning kimyoviy, elektrkimyoviy va elektr yoy usullari bor. Kimyoviy usul gaz va termit xillarga bo’linadi. Payvandlash vaqtida sodir bo’ladigan oksidlanish reaktsiyasi chok metallarning tarkibiy elementlarini kuydiradi, natijada metallning kimyoviy tarkibi o’zgaradi va payvand birikmaning mexanik xossalari pasayadi. Shuning uchun Payvandlash texnikasida eritib yopishtiriladigan metalldagi foydali aralashmalarni kuyishdan, unga azot va kislorod kirishidan saqlaydigan payvand birikmalardan foydalaniladi. Masalan, gaz payvandda buyumlarning payvandlanish xususiyatini yaxshilaydigan va ularni atrofdagi muhit ta’siridan saklaydigan flyus yoki maxsus qoplamalardan foydalaniladi va gaz himoya usullari qo’llaniladi. Termit usulda detallarning biriktiriladigan sirtini suyuqlantirib, termit metall bilan yaxlit quyma chok hosil qilinadi. Elektrkimyoviy usulda Payvandlash zonasi (buyum bilan elektrod orasida yonadigan yoy) vodorod bilan, ba’zan, vodorod va uglerod oksidi aralashmasi bilan yoki azot va vodorod aralashmasi bilan o’raladi, natijada eritib yopishtiriladigan metall atrofdagi muhitning kimyoviy ta’siridan saqlanadi. Payvandlash zonasini argon, geliy yoki karbonat angidrid gazi bilan himoya qilish usuli keng qo’llaniladi. Elektr yoy bilan Payvandlashda buyumlarning payvandlanadigan joylari elektr yoyi bilan eritib biriktiriladi. Bu usul eruvchan elektrodli va erimaydigan elektrodli xillarga bo’linadi. Bunday Payvandlash qo’lda va avtomatik tarzda bajariladi. Yuqori chastotali tok va elektron nur yordamida Payvandlash usullari ham bor. Suv ostida Payvandlash (masalan, kemalarning tagini tuzatish), Kosmosda Payvandlash (masalan, kosmik stansiyalarni kosmosda montaj qilish) usullari rivojlangan, yuqori vakuum va vaznsizlik sharoitida turli metallarni Payvandlash usullari ham keng qo’llanilmoqda. Lazer nurlari yordamida Payvandlash usullari takomillashtirilmoqda.