Virusli Granulyoz
Virusli Granulyoz — hasharotlar, ayniqsa kapalaklarning virusli kasalligi. Kasallikni Bergoldiavirus turkumiga mansub virus qo’zg’atadi. Kasallik to’qima xujayralaridagi virusning tarkibiy qismi-granula yoki donachalarning bo’lishi (tashqi ko’rinishidan bakteriyalar sporasiga o’xshaydi) bilan aniqlanadi. Kuzgi tunlam Virusli Granulyozi «soxta sariq» deb nomlanadi va u ko’rinishidan ipak qurtining sariq kasalligiga juda o’xshaydi. Kuzgi tunlam barcha rivojlanish davrida Virusli Granulyoz bilan zararlanadi. Infektsiya zararkunanda organizmiga ovqat bilan birga kiradi. Virusli Granulyozdan mikrobiologik himoya usulida foydalaniladi. Granulyoz virusi asosida virinos preparati (ipak qurti uchun beziyon) ishlab chiqilgan. Preparatni oziqlanish davrida kuzgi tunlamga qarshi qo’llash mumkin. Zararkunandani 80-90% gacha nobud qiladi. Titri 1 grammda 4 milliard granula bulgan suspenziya ekinlarga purkaladi. Suspenziya sarf normasi 100 g/ga; ish suyuqligi 200 l/ga.