Viskozimetriya
Viskozimetriya — fizikaning qovushoqlikni o’lchash bilan shug’ullanadigan bo’limi. Gaz va suyuqliklarning qovushoqligini past va yuqori temperaturalar hamda bosimli sharoitlarda o’lchashga to’g’ri keladi. Masalan, suyultirilgan gazlar, eritilgan metallar, yuqori bosimli suv bug’i va boshqalarning qovushoqligini o’lchash ancha murakkab. Viskozimetriya ana shunday sharoitlarda qovushoqlikni o’lchash masalalarini hal qilish bilan shug’ullanadi. Qovushoqlikni o’lchashning 4 asosiy usuli: kapillyar, rotasion, sharchali va ultratovush usullari keng tarqalgan. Bularning ishi tegishlicha Puazeyl qonuni, Stoke konuni va o’qdosh tsilindrlar orasida suyuqlikning oqish qonuniyatlariga asoslangan.