Viborg

Viborg — Rossiya Federatsiyasi Leningrad viloyatidagi shahar. Fin qo’ltig’i sohilidagi Orol va yarim orollarda joylashgan. Saymen kanali yaqinidagi muhim dengiz porti, temir yo’l tuguni. Aholisi 81 ming kishi (1999). 1293 yilda Viborgda shvedlar qal’a qurgan, keyinchalik shu qal’a atrofida shahar vujudga kelgan. 1721 yil Nishtadt sulh shartnomasiga muvofiq Viborgni Rossiya egallagan. 1918-40 yillarda Finlyandiya (Viipuri deb atalgan) tarkibida. 1940 yil yana Rossiyaga qo’shib olingan. Viborg atrofi dengiz bo’yi iqlim kurorti. Viborgda elektr asboblari, baliq ovlash sanoati uskunalari, qurilish materiallari ishlab chiqariladi, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari hamda tibbiy bilim yurti, o’lkashunoslik muzeyi va boshqa muzeylar bor.