Virginiya, Virjiniya

Virginiya, Virjiniya — AQSh ning Sharqiy qismidagi shtat. Atlantika okeani sohilida. Maydoni 105,7 ming km2. Aholisi 6,5 milliondan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Aholining qariyb 47% shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Richmond shahri. Virginiyaning g’arbida balandligi 1743 metrgacha bo’lgan Appalachi tog’ tizmalari, o’rta qismida Pidmont platosi, sharqida botqoqli Atlantika bo’yi pasttekisligi bor. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — g dan 5° gacha, iyulniki 23-26°. Yillik yog’in 1000 mm. Igna bargli va aralash o’rmonlar bor. Virginiya industrial-agrar shtat. Toshko’mir, tabiiy gaz va qurilish materiallari qazib chiqariladi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: kimyo (sun’iy tola, o’g’it, portlovchi moddalar ishlab chiqarish), elektrotexnika, radioelektronika, tamaki, oziq- ovqat, ip gazlama, yog’ochsozlik, kemasozlik. Eng yirik sanoat markazi — Roanok shahri. Port shaharlari — Norfolk, Portsmut, Nyuport-Nyus, Danvill. Yer-suv asosan yirik fermer xo’jaliklari qo’lida. Virginiyaning yer yuzasida eroziya jarayoni kuchli bo’lganidan ekinzorlarning bir qismi yaroqsiz bo’lib qolgan. Bog’dorchilik va polizchilik rivojlangan. Muhim ekinlari: tamaki, bug’doy, makkajo’xori, yer yong’oq, paxta. Qishloq xo’jalik tovar mahsulotining qariyb yarmi chorvachilikdan olinadi. Ko’proq qoramol, parranda va cho’chqa boqiladi. Baliq ovlash ham rivojlangan. Virginiyaning Atlantika okeani sohilidagi Xempton-Rode Gavanida kemalar quriladi.