Vaqtni tejash qonuni

Vaqtni tejash qonuni — ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirib borish manbai va usulini tavsiflaydigan umumiy iqtisodiy qonunlardan biri. Vaqtni tejash qonuni mehnatni, ish vaqtini tejash, shuningdek ish paytida vaqt omilining qadrlanishini bildirib. ilg’or texnika va texnologiyani joriy etish evaziga mahsulot ishlab chiqarishga ketgan vaqt tejalib, mehnat unumdorligining o’sishida namoyon bo’ladi. Vaqtni tejash qonuni mazmuni — jonli va buyumlashgan mehnatni tejashni, ya’ni ayni mehnat jarayonida ish vaqtini tejashni hamda o’tgan davrdagi ish vaqti sarflarining natijalari (xom ashyo, materiallar, mashinalar, jihozlar va boshqa ishlab chiqarish vositalari)ni tejashni ham o’z ichiga oladi. Shu sababli mehnat unumdorligining o’sishi, mashina va jihozlardan foydalanishni yaxshilash, materialtalablikni pasaytirish, xo’jalik proportsiyalarini optimallashtirish va boshqalar Vaqtni tejash qonunining amal qilish ko’rinishlariga kiradi. Shu jihatdan korxona, firma, tashkilot va boshqa ilg’or texnika va texnologiyani qo’llash, mehnatni, ishlab chiqarishni, boshqaruvni takomillashtirib borishdan manfaatdor bo’ladi. Jamiyat manfaatini ko’zlab davlat mehnat unumdorligini iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida uzluksiz oshirish chora-tadbirlarini ko’radi. Vaqtni tejash qonuni, birinchidan, mahsulot ishlab chiqarish jarayonida bevosita vaqtni tejash (mahsulot ishlab chiqarishga ketadigan mehnat sarfini kamaytirish), ikkinchidan vaqt fondidan samarali foydalanishni talab etadi. Bunda mehnat unumdorligi oshishi bilan mahsulot ishlab chiqarishga ketgan vaqt qisqaradi, vaqt birligida ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi ko’payadi. Jamiyat nuqtai nazaridan vaqtni tejash mahsulot ishlab chiqarishda sarf qilinadigan mehnat va buyumlashgan mehnat sarfini kamaytirishdan iborat. Konkret korxonada mehnat unumdorligining o’sishi, vaqtning tejalishi, oxir oqibatda jamiyat miqyosida ijtimoiy mehnat unumdorligining oshishiga olib keladi. Shuning uchun shaxsiy mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan harakatlar xalq xo’jaligi miqyosida sarf-xarajatlarni kamaitirishga va ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirishga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Vaqtni tejash usullari ishlab chiqarish jarayonini tezlashtiradigan chora-tadbirlarni qo’llab ishlab chiqarishni intensivlashtirish (masalan, bir ishchining bir ish joyida ikkita va undan ko’p dastgohni boshqarishi, ishlab chiqarish jarayonida robotlarni qo’llash, jarayonlarni boshqarishda mikroprosessorlar, kompyuterlarni qo’llash va boshqa vositasida vaqtni tejash); bir necha jarayonlarni bir vaqtda bajarish (masalan, asosiy texnologik operatsiya, yordamchi jarayonlar, tayyorlov-yakunlov, o’lchash-nazorat va boshqalar) dan iborat. Vaqtni tejash qonuni ishchilarni, firma, kompaniya xodimlari va rahbarlarini mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarishga ketadigan vaqtni qisqartirish chora- tadbirlarini ishlab chiqib amalga oshirishdan manfaatdor qiladi. Chunki shu yo’l bilan mamlakat iqtisodiyoti rivojlanib, talab to’laroq qondiriladi, aholi turmush darajasi yaxshilanadi. Sadir Salimov.