Vibratsiya kasalligi

Vibratsiya kasalligi — kasb kasalliklaridan biri; vibratsiyaning odamga uzoq vaqt ta’sir etishidan kelib chiqadi. Kasallikning kechishi va xarakteri titrash ta’sirotining kuchi va zarbiga bog’liq; bunday titrash gavdaning ma’lum qismiga (masalan, qo’lga, qisman vibratsiya) va butun organizmga (umumiy vibratsiya) ta’sir etadi. Ayrim kasbdagi kishilar ishlatayotgan qo’l asboblarining zarbi yoki ulardan to’g’ri foydalana olmaslik, gavdani noto’g’ri tutish, sovuq, shovqin va boshqalar. Vibratsiya kasalligiga sabab bo’lishi mumkin. Kasallikda qo’l panjasining zirqirab og’rishi va toliqishi, sovuqqa ta’sirchanlik, bosh og’rig’i, tez charchash, asabiylashish, yurak-tomir faoliyatida jiddiy o’zgarishlar va boshqalar kuzatiladi. Davosi kasallikka sabab bo’lgan omilni iloji boricha ertaroq bartaraf etishdan iborat. Turli dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar, tegishli kurortlarda bo’lish kompleks davolanishning tarkibiga kiradi.