Vaxsh vodiysi

Vaxsh vodiysi — Tojikistondagi Vaxsh daryosining o’rta va quyi oqimidagi tektonik botiqda joylashgan vodiy. Vaxsh vodiysi atrofi tog’lar bilan o’ralgan, meridian bo’ylab 110 kilometrdan ziyod masofaga cho’zilgan, eni 7-25 kilometr, balandligi 400 metrdan 1200 metrgacha. Maydoni 2500 km2. Vodiyda, asosan, 5 ta terrasa bor, 2-va 3-terrasalar juda keng. Markaziy qismida shimoldan Janubga Vaxsh daryosi oqib o’tadi, daryoning o’rta qismi bo’yida Qo’rg’ontepa shahri joylashgan. Iqlimi yumshoq, issiq, yanvarning o’rtacha temperaturasi 1-3°, sovuq bo’lmaydigan davr 224— 242 kun; yoz juda issiq, quruq, iyulning o’rtacha temperaturasi 30—zg, maksimal temperatura 45-47°, o’rtacha yillik yog’in miqdori 150-300 mm. Vodiyning pasttekislik qismlari och tusli bo’z tuproq, yuqori terrasalar va tog’oldi qiyaliklari asl (tipik) bo’z tuproq, Daryo qayirlari, xususan, Vaxsh daryosining quyi qismi o’tloq, o’tloqi-botqoq tuproqlardan iborat. Pastliklarda sho’rlangan bo’z tuproq va sho’rxoklar ham uchraydi. Vaxsh vodiysida erta bahorda yam-yashil efemerlar, yozda shuvoq, sho’ra kabi o’simliklar o’sadi, Daryo qayirlari va pastliklar qalin o’t, buta va to’qay o’simliklari bilan qoplangan. To’qayzorlarda xongul bug’usi, nutriya (suv kalamushi), to’ng’iz, to’qay mushugi, jayra, suvsar kabi hayvonlar; o’rdak, g’oz, loyxo’rak, Baliqchi qush, qorabuzov, qirg’ovul kabi parrandalar yashaydi. Vaxsh daryosi etagidagi to’qayzorlarda Pahlavon to’qay qo’riqxonasi tashkil etilgan. Foydali qazilmalardan neft, gaz va osh tuzi konlari topilgan. Vaxsh vodiysida uzun tolali paxta ekiladi, bog’dorchilik rivojlangan.