Vest-Indiya

Vest-Indiya (inglizcha West Indies — aynan G’arbiy Hindiston) — Atlantika okeanining Karib dengizida joylashgan bir necha ming orolning umumiy nomi. Shimoliy va Janubiy Amerika materiklari oralig’ida. Bagama orollarini, katta va Kichik Antil orollari va boshqa orollarni o’z ichiga oladi. Shimoliy Amerikaga mansub. Umumiy maydon 240 ming km2 ga yaqin. Aholisi 35 million kishi (1990-yillar o’rtalari), ko’pchiligi negr, mulat va kreollar. Relefining aksari qismi tog’li, karstli joylar ko’p. Vest-Indiyada tez-tez yer qimirlab turadi. Kichik Antil orollarida so’nmagan vulkanlar bor. Vest-Indiya orollari mezokaynozoy yoshidagi vulkanik va cho’kindi jinslardan tuzilgan. Eng baland cho’qqisi Gaiti orolidagi Truxilo tog’i — 3175 metr. Vest-Indiyada foydali qazilma ko’p. Kubada marganes, xromit va temir rudalari, Trinidad orolida tabiiy asfalt, neft, Yamayka orolida boksit konlari bor. Vest-Indiyada tropik Passat va ekvatorial musson iqlim hukmron. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda 21°, Janubda 26°. O’rtacha yillik yog’in 1000-1500 mm. Daryolari qisqa, tez oqadi. Doim yashil o’rmonlar, savannalar bor. Vest-Indiya tropik bo’ronlar paydo bo’ladigan joy. Tekislik qismlarida shakarqamish, kofe, tamaki, paxta yetishtiriladi. Vest-Indiyada Antigua va Barbuda, Bagama orollari, Barbados, Gaiti, Grenada, Dominika, Dominikana Respublikasi, Kuba, Sent-Vinsent va Grenadina, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Trinidad va Tobago, Yamayka davlatlari hamda Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Frantsiya va AQSh mulklari bor. Orollarning ko’pchiligi Xristofor Kolumb tomonidan 1492— 1502 yillarda Hindistonga dengiz orqali g’arbdan boriladigan yo’lni qidirish vaqtida kashf qilingan. Kolumb orollarni Hindistonning bir qismi deb hisoblagan va shu bois Hindiston deb atagan. Yevropaliklar haqiqiy Hindistonni kashf qilganlaridan so’ng undan farqlash uchun «G’arbiy» so’zi qo’shilgan.