Xo’jamqulibek Balxiy

Xo’jamqulibek Balxiy — Imomquli o’g’li (taxallusi Qipchokxon) (17-asr oxiri — 18-asrning 1-yarmi) — tarixchi olim va davlat arbobi. Otasi Imomquli qo’shbegi Subhonqulixon saroyida xizmat qilgan. Xo’jamqulibek Balxiy Balx hokimi huzurida siyosiy faoliyat boshlagan. 1692-93 yillarda Xiva qo’shinlari Qorako’lga bostirib kelganida Xo’jamqulibek Balxiy otasi bilan birgalikda Mahmudbiy qatag’on rahbarligida dushmanga qarshi kurashgan. Otasini Makkaga haj safariga kuzatib borgan (1695-96) va orqaga qaytishda Panjobda qolishgan. Chunki bu paytda Balx hukmdori Mahmudbiyning Markaziy hokimiyat (Buxoro)ga nisbatan ayirmachilik siyosati natijasida Balxda siyosiy ahvol murakkablashgan edi. Xo’jamqulibek Balxiy Panjobning poytaxti — Lohurda yashab, mahalliy noib Abdul Samadxonga bag’ishlab 1718-24 yillarda fors tilida «tarixi Qipchoqxon» («Qipchoqxon tarixi») asarini yozadi. Asar muqaddima, 9 ta bob va xotimadan iborat. Asarning oxirgi bobida Shayboniylar va Ashtarxoniylar, O’zbek ulusi xoni Abulxayrxontsan boshlab 1724 yilgacha Dashti Qipchoq, Movarounnahr, Xuroson, Shim.Afg’oniston, Sharqiy Turkiston, Eron, Hindistonda yuz bergan muxim siyosiy hodisalar tasvirlangan. Hatto Turkiya va Misr tarixidan ham ayrim lavhalar keltirilgan. Asarda temuriyzoda Sulton Abu Sayd bilan Abulxayrxon o’rtasida tuzilgan ittifoq, Buxoroda qalmiqlar, qipchoqlar, qoraqalpoqlar, xitoyqipchoqlar ko’targan qo’zg’olonlar (1681, 1715-16, 1718-19) haqida ham muhim ma’lumotlar bor. Asar qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida ham saqlanadi.