Magistr

Magistr (lotincha magister — boshliq, ustoz) — 1) qadimgi Rimda bir necha lavozim (masalan, diktator yordamchisi, imperiyaning so’nggi davrida bosh qo’mondon). Keyinchalik Yevropada ulug’ magistr (grossmeyster) — katolik ruhoniy-ritsarlar jamoasining boshlig’i; 2) ayrim mamlakatlarda bakalavr va fan doktori o’rtasidagi ilmiy daraja. Tayanch oliy ta’lim kursidan so’ng qo’shimcha dastur bajargan, maxsus imtihonlarni topshirgan va muayyan ilmiy ishni himoya qilgan shaxslarga beriladi; 3) O’zbekistonda «Ta’lim to’g’risida»gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997) ga muvofiq, universitetlar, akademiyalar, institut va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarvda oliy ta’limning 2-bosqichi — magistraturani tugatganlarga beriladigan daraja. Davlat malaka attestasiyasi yakunlariga ko’ra beriladi. Magistrlarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar va ilmiy faoliyat bilan shug’ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.