Razzoqov Hoshimjon
Razzoqov Hoshimjon (1916, Andijon viloyati Ko’nchi qishlog’i — 1982.15.3, Andijon) — adabiyotshunos. Filologiya fanlari Doktori (1972), professor (1973). Toshkent Pedagogika institutini tugatgan (1941). Andijon pedagogika instituti o’qituvchisi (1952-54), o’zbek adabiyoti kafedrasi mudiri (1954-82). Asosiy ilmiy ishi o’zbek xalq og’zaki ijodida satira va yumor mavzuida. Zavqiy, Hayratiy, Oraziy kabi shoirlar asarlarini nashr ettirgan («Zavqiy», 1955; «Oraziy», 1959). Xalq ijodini, xususan, Farg’ona vohasida tarqalgan folklor namunalarini to’plagan, nashrga tayyorlagan, o’rgangan («Latifalar», 1965; «Gulyor» qo’shiqlar to’plami, 1967). «Farg’ona chashmalari» she’rlar to’plami (1962) va «Nodira» pyesasini yozgan.