Xrizokolla
Xrizokolla (Yunoncha chrysos — oltin va kolla — yelim; qadimda oltin buyumlarni kavsharlashda ishlatilgan) — silikatlar guruhiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi Cug[Si4O10]2(OH)12nH2O. Romb singoniyada kristallanadi. Kriptokristall, kurtaksimon, uzum boshidek, tuproqsimon, po’stloqsimon agregatlar hosil qiladi. Havo rang, havo rang yashil, ko’k, qo’ng’ir, qora xillari ma’lum. Qattiqligi 2-4, zichligi 2,2—2,3 g/ sm3. Yoriqlarni, shuningdek, kvars, piroksen donalari orasini yupqa parda kabi to’ldirib turadi. Xrizokolla mis konlarining oksidlanish zonasida keng tarqalgan mineral bulib, mis rudalarini qidirishda darakchi hisoblanadi. Quruq, issiq ikdimli joylarda keng tarqalgan. Uning malaxit, azurit, tserussit, kaltsit va boshqa minerallar o’rnida paydo bo’lgan psevdomorfozalari bor. Xrizokolla xorijda Chili, AQSh, Rossiya Federatsiyasi (Ural, Baykal orti), Qozog’istondagi konlarda uchraydi. O’rta Osiyoda Xrizokolla qadimdan ma’lum. O’zbekistonda Qalmoqqir, Qo’rg’oshinkon, Qo’ytosh va Oltintopgan konlarida mavjud.