Shchedrin Nikolay Nikolayevich

Shchedrin Nikolay Nikolayevich (1891.21.9, Pskov viloyati — 1974.7.12, Leningrad) — elektrotexnika sohasidagi olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1947), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1950), texnika fanlari Doktori (1946), professor (1941). Petrograd politexnika institutini tugatgan (1922). Muhandis-loyihachi (1922-23), ilmiy pedagogik ishlar bilan shug’ullangan (1924-34). 1943 yildan Leningrad politexnika institutining Toshkent filialida Farhod GESning parallel ishlash turg’unligini aniqlash ishiga rahbarlik qilgan. Leningrad politexnika institutida professor (1944). Ilmiy ishlari, asosan, katta energetika sohasi — elektr tizimlarining noturg’un rejimlari masalalariga oid. III. Elektr energiyasining muhim masalalari bo’yicha nazariy va amaliy ishlarga asos solgan.