Shokila, shovqila

Shokila, shovqila (tovush chiqaruvchi) — zargarlik buyumi; Xorazm ayollarining murakkab, ko’p qismli taqinchog’i. Shokila peshonani yopib turuvchi osmatuzi, chakkalik (yarimtirnoq)ka ulanadi hamda ular birgalikda ansambl hosil qiladi. Shokila halqachalardan tuzilgan turlicha uzunlikdagi zanjirlarga yaproqcha, marjon, g’uncha, zig’iraklardan iborat osilmachoqlar biriktirib hosil qilinadi hamda 2 ta halqali chakka taqinchog’ining har biriga sershokilali o’zaro ketmaket ulangan 3-4 ta qubbalar qatori osiladi (ba’zan ular uchburchak tumor bilan tugaydi). Qimmatbaho turlarida zanjirlar markaziga ko’pincha oval shaklidagi yuzasi ziynatlangan turunjlar o’rnatiladi, ayrimlariga 5-6 tadan dur, la’llar qadaladi. Shokila taqilganda, turli uzunlikdagi marjon qatorlari iyak, bo’yin, ko’krak uzra ketma-ket bir tekis yotadi. Ayollar Shokila taqib yurganida tana harakatiga qarab tovush chiqarib, jaranglaydi (nomi shundan). Quloq yoki chakkaga taqiladigan taqinchoqlarga biriktiriladigan Shokila kabi marjonlar O’zbekiston hududidan topilgan Kushonlar davriga oid haykallarda uchraydi. Shokila 19-asr 1-yarmida kunda, 19-asr 2-yarmida to’y-hashamlarda taqilgan. 19-asr oxiridan Shokila qismlarga bo’linib ketgan, ular ham Shokila deb ataladi.