Xubey
Xubey — Xitoyning Markaziy qismidagi provintsiya. Yantszi daryosi o’rta oqimining har ikki sohilida, Duntinxu ko’lining shimolida joylashgan. Maydoni 187,5 ming km2. Aholisi 59 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Uxan shahri. Relefi — tekislik. Iqlimi subtropik, mussonli. Ko’l ko’p. Temir rudasi, toshko’mir, marganes konlari bor. Mashinasozlik, to’qimachilik, oziq-ovqat, qog’oz, tsement, keramika, qora Metallurgiya korxonalari mavjud. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Haydaladigan yerlarning katta qismi sug’oriladi. Yiliga 2 marta hosil olinadi. Asosiy ekini — sholi. Bug’doy, arpa, makkajo’xori, tariq ham ekiladi. Texnika ekinlaridan paxta, Rami, kunjut, yer yong’oq, raps, tamaki, shakarqamish, choy yetishtiriladi. Bog’dorchilik (tsitrus mevalar, olma, nok) rivojlangan. O’rmon xo’jaligi bilan shug’ullaniladi. Qoramol, cho’chqa, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi. Yantszi daryosida kema qatnaydi. Yirik shaharlari: Uxan, Xuanshi, Shashi, Ichan. Xubey hududida qadimda man va i qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi 9-8-asrlarda Xubeyga xitoylar ko’chib kela boshlagan. Xubey 1668 yildan hozirgi chegarasiga ega.