Xloroplastlar
Xloroplastlar (Yunoncha Chloros — yashil va plastos — yasalgan) — o’simliklarning fotosintez qiladigan ichki organoidlari (plastidalari). Xloroplastlar o’simliklarning yer ustki qismida joylashgan hujayralari, ayniqsa, barglar va yashil mevalar hujayralari tsitoplazmasida ko’p uchraydi. Yashil suvo’tlar hujayrasi Xloroplastlari xromatoforalar deyiladi. Xromatoforalar, odatda, bitta, ba’zan bir nechta bo’ladi. Xloroplastlarda fotosintez bilan bir vaqtda aminokislotalar va yog’kislotalari ham sintezlanadi; kraxmalning vaqtinchalik zaxiralari saqlanadi. Xloroplastlar uzunligi 5-10 mkm, eni 2-4 mkm ga yaqin, shakli yumaloqlinzasimon yoki ellipssimon. Xloroplastlar tsitoplazmadan ikki qavat membrana bilan ajralgan, ichki bo’shlig’i stroma deyiladi. Xloroplastlar stromasida joylashgan tuzilma birlik — tilakoidlar yassi xaltachalarga o’xshaydi. Bir guruh disksimon tilakoidlar ustmaust joylashib, Granlar (qirralar) hosil qiladi. Granlardagi tilakoidlar bo’shlig’i o’zaro tutashgan bo’ladi. Xloroplastlarda granlar soni 40-60, ba’zan 150 taga yetadi. Tilakoidlar membranalarida asosiy pigment — xlorofillar va qo’shimcha pigmentlar — karotinoidlar joylashgan. Elektron mikroskopda tilakoidlar ustma-ust qo’yilgan tangachalarga o’xshaydi. Xloroplastlar stromasida ribosomalar, DNK hamda fotosintez va ATF sintezida qatnashuvchi fermentlar joylashgan; stromada lipidlar, kraxmal va oqsil ham uchraydi. Xloroplastlarda ribosomalar, fotosintezning yorug’lik fazasi reaktsiyalarini katalizlovchi fermentlar va tilakoid membranalari tarkibiga kiruvchi oqsillar ham sintezlanadi. Xloroplastlar o’z genetik apparati va maxsus oqsil sintezlovchi sistemaga ega bo’lgani uchun hujayraning avtonom organoidlari qatoriga kiritiladi. Xloroplastlardagi oqsillarning 25-30% ga yaqini ularning o’zida, qolgan qismi yadro genlari nazoratida sintezlanadi. Xloroplastlar tuzilishiga binoan ayrim bakteriyalarga o’xshaydi. Xuddi bakteriyalardagi singari Xloroplastlar stromasida bir yoki bir nechta DNK molekulalari mavjud, lekin gistonli oqsillar bo’lmaydi. Xloroplastlar ham bakteriyalar kabi bo’linish nuli bilan ko’payadi va hujayradagi soni ortadi. Xloroplastlar proplastidlarning bo’linishi nati- jasida hosil bo’ladi. Barglar va poyalar qariganida yoki mevalar pishganida xlorofill pigmentlari parchalanishi tufayli o’simlik yashil rangini yo’qotadi; barglar sarg’ayib, mevalar o’ziga xos rangta kiradi. Bu o’zgarishlar tufayli Xloroplastlar o’zgarib xromoplastlarga aylanadi. Xloroplastlar tsianobakteriyalarning qadimgi yadroli geterotrof suvo’tlar bilan simbiogenezi natijasida kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Kurash Nishonboyev.