Xoja Muhammad Porso

Xoja Muhammad Porso (to’liq ismi Muhammad ibn Mahmud Hofiz al-Buxoriy) (1345, Buxoro — 1419, Madina) — Naqshbandiya tariqati namoyandasi. Buxorodagi madrasalarda tahsil olgan. Qur’on va hadislarni, kalom ilmini chuqur o’rgangan. Bahouddin Naqshband uni shogirdlikka qabul qilgan va «Porso» (taqvodor, dindor) taxallusini bergan. Naqshband vafotidan so’ng, uning o’rniga tariqatga rahbarlik qilgan. Xoja Muhammad Porso o’sha davrdagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan. Movarounnahr hukmdori Xalil Sulton bilan muloqotda bo’lgan, Shohruh bilan turli masalalar bo’yicha yozishmalar olib borgan. Ulug’bek saroyi (Samarqand va Buxoro)dagi ilmiy munozaralarda qatnashgan. Tasavvuf va Islom tarixiga oid «risolai qudsiya» («Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari haqidagi risola»), «E’tiqod» («e’tiqod haqida risola»), «Tahqiqot» («tasavvuf istilohlari bo’yicha risola»), «Tafsiri Qur’on» («Qur’on tafsiri»), «Risolai kalifiya» («Karomatlar haqida risola»), «Muxtasari tarixi Makka» («Makka shahrining qisqacha tarixi»), «Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband» («Xoja Bahouddin Naqshband Maqomoti»), «haftodu du firqa» («etmish ikki firqa») kabi 20 dan ortiq asar yozgan. Shariat va tariqat masalalariga bag’ishlangan va unga katta shuhrat keltirgan asari «fasl ulxitob bivusulil ahbob» («do’stlar visoliga etishda oq ila qorani ajratuvchi kitob») bo’lib, u o’rta asrlarda Islom ulamolari uchun qo’llanma vazifasini o’tagan. Asar 494 ta masalaga bag’ishlangan bo’lib, ularning hammasi Islomda bahsli hisoblangan va muallif turli asarlarga suyangan holda bu masalalarni yechib bergan. Asar bir necha marta chop etilgan. Xoja Muhammad Porso 2-marta haj ziyorati paytida kasalga chalinib, Madinada vafot etgan. Ad.: Muhammad Boqir, Bahouddin Balogardon, T., 1993; Ma’naviyat yulduz- lari, T., 2001; Faxruddin Ali Safiy, Rashahot (2-nashri), T., 2004.