Xettlar madaniyati

Xettlar madaniyati — miloddan avvalgi 2-ming yillikda ravnaq topgan Xett podsholigida shakllangan madaniyat. Podsholar qarorgohi bo’lgan Xattusas shahri (Kichik Osiyodagi hozirgi Bog’ozko’y shahri) barcha Xett shaharlari kabi doirasimon tarhli, mudofaa devor va inshootlarga alohida ahamiyat berilgan, shaharning qo’sh devori burj, minoralar bilan mustahkamlangan. Binolar haykal, releflar bilan bezatilgan. Shahar darvozalarining ikki yoniga ulkan sher haykali, Sfinkslar o’rnatilgan. Bog’ozko’y yaqinidagi Yozuvliqoya releflari (miloddan avvalgi 16-13-asrlar)da sher ustida tik turgan kishilar aks ettirilgan, 2 boshli burgut tasviri gerbni eslatadi. Ba’zi releflarda, xettlarning doirasimon tamg’alaridagi kabi, ramziy tasvirlar uchraydi. Miloddan avvalgi 1600 yilda qadimgi xettlarda haykaltaroshlik, kulolchilik taraqqiy etgan (Masalan, o’rdakburun shaklidagi ko’zachalar, hayvonlar shaklida ishlangan idishlar, ma’budlar va boshqalar tasvirlangan idishlar).