Xarajatlar, sarfxarajatlar, chiqimlar
Xarajatlar, sarfxarajatlar, chiqimlar —tovarlarni ishlab chiqarish va muomalasi jarayonida turli resurslar (xom ashyo, materiallar, mehnat, xizmatlar, mablag’lar) sarflari bilan bog’liq chiqimlarning pul shaklidagi ifodasi. Asosan, ishlab chiqarish va muomala Xarajatlarga bo’linadi. Ishlab chiqarish Xarajatlari: doimiy Xarajatlar — ishlab chiqariladigan mahsulot hajmiga bog’liq bo’lmagan chikimlar (masalan, hududni qo’riklash, ma’muriyatni, bino-imoratlarni saqlash chiqimlari); o’zgaruvchan Xarajatlar — ishlab chiqariladigan mahsulot yoki ko’rsatiladigan xizmat hajmiga bog’liq bo’lgan chiqimlar, (masalan, materiallar, xom ashyo sotib olish, ishbay xodimlar mehnatiga haq to’lash bilan bog’liq sarflar). To’liq (umumiy, yalpi) Xarajatlar — doimiy va o’zgaruvchan Xarajatlar yig’indisi; bevosita ishlab chiqarish Xarajatlari (aniq bir mahsulotni ishlab chiqarish bilan bog’liqva uning tannarxiga kiritiladigan chiqimlar), ekspluatatsiya Xarajatlari — mashina, uskuna, transport vositalari va boshqalardan foydalanish bilan boglis chiqimlar. Muomala Xarajatlarga qo’shimcha muomala chiqimlari (ishlab chiqarish jarayonlarini muomala sohasida davom etishi — qadoqlash, saqlash, sotiladigan joyga eltish va boshqalar bilan bog’liq) va sof muomala chiqimlari (bevosita oldi-sotdi operatsiyalari bilan bog’liq) Xarajatlar kiradi. Muomala Xarajatlar, odatda, iste’molchilar uchun (transport-ekspeditorlik chiqimlari, bojxona boji to’lash, port soliq va yig’imlarini to’lash, bank xizmatlari uchun chiqimlar, vakillik Xarajatlari), ishlab chiqaruvchilar uchun (savdo-sotiq bo’linmasini saqlash, marketing tadqiqotlari, reklama, transport-ekspeditorlik chiqimlari, vositachilarga haq to’lash, sotishdan oddinti servis va texnika xizmati uchun chiqimlar, bank operatsiyalari bo’yicha xarajatlar, vakillik xarajatlari va boshqalar) va savdo uchun (tovarni xarid qilish, tashish, saqlash va sotish bilan bog’liq chiqimlar) alohida hisobkitob qilinadi. Resurslardan foydalanish samaradorligini tahlil qilishda «muqobil Xarajatlar» tushunchasi (agar hozirgi mavjud ishlab chiqarish o’rniga muqobil ishlab chiqarish bo’lganida olinishi mumkin bo’lgan qiymat) qo’llanadi. Bu Xarajatlarga foizlar va mulkdorga to’lanadigan haq ham kiritiladi. Xarajatlarni qisqartirish foydani ko’paytirishning muhim talabi hisoblanadi. Alisher Vahobov.