Xemogen yotqiziqlar

Xemogen yotqiziqlar (xemo… va gen) — eritmalardan turli moddalarning kimyoviy yo’l bilan cho’kishi natijasida hosil bo’ladigan va suv havzalari tubida yig’iladigan cho’kindi tog’jinslari, minerallar va foydali qazilmalar guruhi. Xemogen yotqiziqlarning tarkibi va hosil bo’lish sharoitlari havza suvi tarkibi va geografik iqlim sharoitiga qarab turlicha bo’lishi mumkin. Xemogen yotqiziqlar hosil bo’ladigan havzalar — dengiz, quruklik va oraliqdagi havzalar bo’lishi mumkin. Tropik iklimda joylashgan dengiz havzalarida ohaktosh, gil, silikatli tog’ jinslari va ular bilan birga temir, alyuminiy, marganes va fosforit rudalari; quruq iqlim sharoitidagi havzalarda esa, suv kontsentrasiyasi ortib borgan sari, avval karbonatli va sulfatli tog’jinslari, so’ngra har xil mineral tuzlar; galit (osh tuzi), silvin (yalama tuz), karnallit va ular bilan birga uchraydigan brom, yod, bor, ishqoriy metallar (litiy, rubidiy, tseziy) cho’kadi. Quruqlikdagi ko’llarda hosil bo’lgan Xemogen yotqiziqlar shu ko’lga quyiladigan daryolar suvining tarkibiga qarab, sodali, sulfatli va xlorli bo’ladi. O’zbekistonning Janubdagi quruq iqlim zonasida Xemogen yotqiziqlar Paleotsen va, ayniqsa, yuqori yura davri dengiz tipidagi Laguna havzalarida hosil bo’lgan. Bu yotqiziqlar karbonat, sulfit tog’ jinslari, osh tuzi, kaliy tuzlari qatlamlaridan iborat. Quruqlikdagi ko’llarda hozirgi kungacha hosil bo’layotgan Xemogen yotqiziqlar Qizilqum, Farg’ona vodiysi, Ustyurt va boshqa joylarda ko’p uchraydi. Xemogen yotqiziqlar qazilma boyliklar manbai hisoblanadi.